add

Prezident Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga tabrik yo‘lladi

Bugun 13:153792 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev Dubaydagi Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan tarixiy g‘alaba bilan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tabrikladi.

Prezident Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga tabrik yo‘lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar o‘rtasidagi V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari — O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tarixiy yutuq bilan tabrikladi. Davlat rahbari tabrigida bu zafar nafaqat sportchilarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki butun mamlakat uchun katta iftixor ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Osiyoning 35 davlatidan 1,5 mingdan ziyod sportchi ishtirok etgan. O‘ta keskin bahslarda O‘zbekiston yosh paralimpiyachilari jasorat va matonat namoyon etib, 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu natija Paraosiyo o‘yinlari tarixida mamlakat uchun mutlaq rekord sifatida qayd etildi.

Prezident tabrigida turnir davomida O‘zbekiston davlat madhiyasining qariyb 100-marta yangragani alohida ta’kidlanib, bu sportchilarning Vatan shuhratini xalqaro maydonda munosib tarzda himoya qilganini anglatishi qayd etildi. O‘zbekiston jamoasi Eron, Yaponiya, Tailand va Indoneziya kabi kuchli raqiblarni ortda qoldirgan.

Ayrim sportchilarning jahon va Osiyo rekordlarini o‘rnatgani ham e’tirof etildi. Shuningdek, para yengil atletikada yadro va nayza uloqtirish dasturlarida o‘zbekistonlik qizlar barcha medallarni qo‘lga kiritgani muhim tarixiy natija sifatida qayd etildi.

«Vatanimizga yuksak mehri va sadoqati, mustahkam iroda va matonati bilan millionlab farzandlarimizga o‘rnak bo‘layotgan sizlardek qahramon o‘g‘il-qizlarimni Yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda ulkan omad va zafarlar tilayman», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Teglar

Mavzuga oid