
Prezident qariyb 1 mln gektar yaylovlarni tiklash rejalarini ma’qulladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi yerlarini kengaytirish, yaylovlarni tiklash va agrar fanni tubdan isloh qilishga qaratilgan kompleks rejalarni ma’qulladi.
© Foto: Prezident matbuot xizmatiPrezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xo‘jaligi yerlarini kengaytirish va agrar fanni modernizatsiya qilishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Unda so‘nggi besh yilda irrigatsiya va melioratsiya ishlari orqali 826,5 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritilgani qayd etildi. Shu hajmdan 409 ming gektari sug‘oriladigan maydonlar, qariyb 418 ming gektari esa yer osti suvlaridan foydalanish, lalmi yerlar va yaylovlarda kam suv talab qiladigan ekinlar joriy etish hisobiga o‘zlashtirilgan.
Taqdimotda yaylov yerlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi. 2030 yilgacha qo‘shimcha 938 ming gektar yaylovlarni meliorativ va tiklash ishlari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2026–2027 yillarda 620 ming gektar yaylovlarni tiklash rejalashtirilgan.
Rejalarga ko‘ra, 300 ming gektarda yaylov ekinlari ekiladi, 130 ming gektarda suv chiqarish quduqlari o‘rnatiladi. Bu choralar 960 ming bosh mayda shoxli chorva uchun yaylov yaratish, shu orqali go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.
Agrar fan islohoti
Taqdimotda agrar fan tizimini tubdan yangilash zarurligi alohida ta’kidlandi. Amaldagi institutsional model o‘z salohiyatini to‘liq tugatgani, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida uzviy bog‘liqlik yetarli emasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya va 2,5 mingdan ortiq olim va tadqiqotchilarni birlashtirgan yagona tuzilma — Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etish taklif etildi. Yangi akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida biotexnologiya, gen muhandisligi, hibrid urug‘chilik, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, dron va kosmik texnologiyalar, yer degradatsiyasi, tuproq salomatligi, organik dehqonchilik va oziq-ovqat xavfsizligi belgilandi.
Shuningdek, akademiya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy choralar ham nazarda tutilmoqda.
Kadrlar va ishlab chiqarish
Kadrlar tayyorlash masalasi ham alohida muhokama qilindi. Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olmoqda, ammo bitiruvchilarning atigi 55 foizi mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashmoqda. Shu bois ta’lim, fan va ishlab chiqarishni bog‘lovchi yaxlit tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Rejaga ko‘ra, 6,8 ming talaba ishlab chiqarish korxonalari va agroklasterlarda amaliyot o‘taydi, 2,6 mingdan ortig‘i ilmiy-tadqiqot institutlariga jalb etiladi. Fermerlar farzandlarini imtiyozli shartlar asosida o‘qitish, ayrim yo‘nalishlarda ta’lim muddatini qisqartirish, talabalarga traktorist-mashinist va agrodron operatori malakasini berish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, samarasiz yerlarda bog‘ va uzumzorlar barpo etish, ish o‘rinlari yaratish hamda import o‘rnini bosuvchi ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.





