
Prezident Ravshan Mamatovni ishdan bo‘shatdi
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi rahbari Ravshan Mamatov Prezidentning farmoni bilan ishdan olindi.

Bugun, 28-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Ravshan Mamadjanovich Mamatov Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, Mamatov mazkur lavozimga 2024 yilning avgust oyida tayinlangan edi.
Mehnat faoliyati davomida Ravshan Mamatov Prezident administratsiyasi (apparati) sho‘’ba mudiri, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.
Prezidentning bir kun avvalgi ogohlantirishi
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Ravshan Mamatov faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirgandi.
Prezidenga ko‘ra, Toshkent shahrida jinoyatchilardan olib qo‘yilgan sintetik moddalar so‘nggi besh yilda 11 karra oshgan. Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada bo‘lgan, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilgan.
Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmagan. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilingan.
Vakolati kengaygan agentlik
Endida agentlikning mas’uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi. Agentlik barcha kuch va vositalarga ega bo‘ladi.
1999 yilda qabul qilingan narkotiklar haqidagi qonun yangidan ishlab chiqiladi.





