
Prezident Samarqand barcha sohada o‘rnak viloyat bo‘lishi kerakligini aytdi
Prezidentning ta’kidlashicha, tuman hokimlari bor shtatlarini tahlil qilib, samarasizini qisqartirib, xorijdan mutaxassislar olib kelib, yangicha ishlashga o‘tishi zarur.

Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat barcha sohada o‘rnak bo‘lishi kerakligini aytdi.
«Endi Samarqand – ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya, eksport, umuman barcha sohada metodik viloyat bo‘lishi kerak», dedi prezident.
Shuningdek, prezident tuman hokimlari o‘z hududining xususiyatidan kelib chiqib, bor shtatlarini tahlil qilib, samarasizini qisqartirib, xorijdan zamonaviy menejerlar, mutaxassislar olib kelib, yangicha ishlashga o‘tishi zarurligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi sessiyada Samarqand so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, ko‘plab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylangani qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning o‘zida Samarqandda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etildi. Yaqinda o‘tkazilganUNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi ham shular jumlasidandir.
Viloyatda turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilib, sayyohlar oqimi 2016 yilga nisbatan 7 karra o‘sdi. Turizm xizmatlari eksporti 600 million dollarga yetdi.





