Prezident Vyacheslav Golishev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Marhum Vyacheslav Golishev 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilgan.

Prezident Vyacheslav Golishev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov, akademik Shavkat Ayupov va «Nuroniy» jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev davlat va jamoat arbobi Golishev Vyacheslav Arkadevich shu yilning 7-aprel kuni 75 yoshida vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Vyacheslav Golishev 1951-yil 4-mayda Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida tug‘ilgan. 1972-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini olgan. 1980 yilda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Mehnat faoliyatini matbaa sohasida iqtisodchi sifatida boshlab, keyinchalik Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishlagan.

1992-1995 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. V.A.Golishev 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashning muhim yo‘nalishlariga rahbarlik qilgan.

Davlat boshqaruvi sohasidagi faol va tashabbuskor xodim sifatida ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etgan. Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashgan.

Bir necha marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylangan, parlamentarizm, mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning qonunchilik bazasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.

Yangi avlod iqtisodchi kadrlarini tayyorlash borasida ham faol ish olib borgan.

Vyacheslav Golishevning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari O‘zbekiston tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

«Davlat va jamoat arbobi, iqtisodiyot sohasidagi yirik olim va mutaxassis, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Vyacheslav Arkadevich Golishevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», - deyiladi hamdardlik maktubida.

Teglar

Mavzuga oid