
Pullik davlat xizmatlari bank ilovalari orqali taqdim etiladi
04.07.2025 | 15:3025333
O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlarini bank va moliya ilovalari orqali olish imkoniyati yaratiladi. Bu fuqarolar uchun yanada qulay va tezkor xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekistonda yaqin vaqtda pullik davlat xizmatlarini bank va moliya ilovalari orqali olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, asosiy maqsad davlat xizmatlarini rasmiy platformalardan tashqarida ham foydalanish imkonini kengaytirish va aholiga ko‘proq qulaylik yaratishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar bugungi kunda bank ilovalarida faol foydalanib, bu interfeyslarga o‘rganib qolgan.
Shermatovning aytishicha, o‘tgan yilda test tartibida ayrim bepul davlat xizmatlari bank ilovalari orqali taqdim etilgan edi. Endi esa Prezident topshirig‘iga binoan pullik davlat xizmatlarini ham mazkur ilovalar orqali ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, barcha onlayn davlat xizmatlarini yagona My.gov.uz portaliga to‘liq integratsiya qilish vazifasi ham qo‘yilgan. Vazirning ma’lum qilishicha, kelgusida barcha darajadagi davlat xizmatlarining kamida 70 foizi ushbu portal orqali raqamli shaklda taqdim etilishi maqsad qilinayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Shermatov bu vazifani amalga oshirish uchun barcha davlat organlari o‘z ichki jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha jadal ish olib borishi lozimligini qayd etdi.





