
Putin «nodo‘stona» davlatlardan qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash rejasini e’lon qildi
Rossiya hukumati telefon firibgarligiga qarshi kurash doirasida 47 ta «nodo‘stona» davlatdan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni bloklash va xalqaro qo‘ng‘iroqlarni majburiy belgilash bo‘yicha yangi choralar joriy etmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan videokonferensiya formatidagi uchrashuvda hukumat «do‘st bo‘lmagan» deb belgilangan davlatlardan kelayotgan telefon qo‘ng‘iroqlarini bloklash tizimini joriy etish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Bu haqda «Deutsche Welle» nashri xabar berdi.
Uning qayd etishicha, ushbu choralar telefon va internet firibgarligiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli dasturning bir qismi hisoblanadi.
Putinning aytishicha, raqamli muhitda fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan birinchi choralar paketi allaqachon qabul qilingan. Ikkinchi paket hozir muhokamadan o‘tmoqda, yaqin kelajakda esa uchinchi paketning ham taqdim etilishi kutilmoqda. Prezident barcha takliflar hukumat tomonidan inobatga olinib, amalga joriy etilayotganini ta’kidladi.
Shu kuni hukumat apparati rahbari, bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Grigorenko ham olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 20 ta tashabbusdan iborat yangi choralar paketida abonent roziligisiz xalqaro kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash, ularni majburiy belgilash, bolalar uchun alohida SIM-kartalar joriy etish kabi takliflar mavjud.
So‘nggi oylarda Rossiya hokimiyati davlat messenjeri Max’ni ilgari surish fonida messenjerlar va onlayn-servislar faoliyatiga doir qoidalarni izchil kuchaytirmoqda. Avgust oyida WhatsApp va Telegram orqali qo‘ng‘iroqlar cheklangani, shundan so‘ng esa firibgarlar statsionar aloqaga o‘tgani haqidagi bayonotlar ortidan statsionar xalqaro qo‘ng‘iroqlarni bloklash g‘oyasi ham muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, dekabr boshida Roskomnadzor Apple'ning FaceTime videoqo‘ng‘iroq xizmatini «jinoiy maqsadlarda qo‘llanilayotgani» sababli bloklagani ma’lum qilingandi. Noyabr oyida esa raqamli rivojlanish vazirligi chet eldan qaytgan fuqarolarning mobil interneti va SMS xizmati bir sutkagacha vaqtincha o‘chirilishi haqida bayonot bergan.
Rossiyaning «do‘st bo‘lmagan» davlatlar ro‘yxatida hozir 47 ta mamlakat bor, jumladan YI davlatlari, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Ukraina va boshqalar.





