
Putin Rossiya – Belarus mashqlarini harbiy formada kuzatdi
17.09.2025 | 11:0022583
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Zapad-2025» strategik mashqlarining asosiy bosqichini kuzatish uchun Nijniy Novgorod oblastiga bordi. U tadbirda harbiy formada qatnashib, Ukrainadagi urushda qo‘llangan qurol va maxsus texnika namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Nijniy Novgorod oblastining Mulino poligonida Rossiya va Belarus qo‘shma strategik mashg‘ulotlari — «Zapad-2025»ning asosiy bosqichida ishtirok etdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mashqlar Rossiya va Belarus hududidagi 41 ta harbiy poligonda o‘tkazilgan bo‘lib, unda 100 mingga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etgan. Shu bilan birga, 10 mingga yaqin turli harbiy texnika va qurol-aslaha jalb etilgan.
Mashqlarning asosiy maqsadi — Ittifoq davlatining suvereniteti va xavfsizligini istalgan tashqi tahdiddan himoya qilish qobiliyatini sinovdan o‘tkazishdir, deydi Putin. Uning fikricha, strategik mashg‘ulotlar umumiy mudofaa salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Kreml ma’lumotiga ko‘ra, mashqlar jarayonini NATOga a’zo AQSH, Turkiya, Vengriya hamda yana 23 davlatdan kelgan rasmiylar kuzatgan. Jami 16 davlat rasmiy delegatsiya yuborgan bo‘lsa, 6 mamlakat o‘z harbiy kontingentlarini yo‘llagan.
Yakuniy bosqichda 10 mingdan ziyod harbiy texnika, jumladan 333 ta turli aviasamolyot, 247 dan ziyod dengiz kemasi va suvosti kemalari ishtirok etmoqda. Putin mudofaa vaziridan tayyorgarlik holati haqida hisobot so‘rab, barcha qatnashchilarga muvaffaqiyat tiladi.





