
Putin rossiyaliklarning «Mir» kartalariga ulanishni nazorat uchun ochib berdi
«Rosfinmonitoring»ga «Mir» kartalari va tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshiriladigan barcha tranzaksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochib ko‘rish huquqi berildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rosfinmonitoring»ga rossiyaliklarning «Mir» to‘lov kartalari va Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi (SBP) orqali amalga oshirgan barcha operatsiyalari haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot olish huquqini beruvchi qonunni imzoladi.
Mazkur qonun «Pullarni legallashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi 115-federal qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni nazarda tutadi. Yangi tartibga ko‘ra, endilikda «Rosfinmonitoring» pul o‘tkazmalarini tekshirish uchun banklarga alohida so‘rovlar yuborishiga hojat qolmaydi. Ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Milliy to‘lov kartalari tizimi (NSPK) orqali taqdim etiladi.
SBP orqali bir sutkada 60 millionga yaqin operatsiya amalga oshiriladi, yillik to‘lov hajmi esa 70 trln rublga yetadi. Yangi mexanizm ushbu ulkan ma’lumot oqimini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini yaratadi.
Qonunga ilova qilingan izohda ta’kidlanishicha, bu chora «Rosfinmonitoring» tekshiruvlarini tezlashtiradi va banklar yukini kamaytiradi. Ilgari idora tomonidan yuboriladigan ommaviy so‘rovlar kredit tashkilotlari uchun qo‘shimcha ma’muriy bosim keltirib chiqarar edi.
E’tiborli jihati shundaki, «Rosfinmonitoring» allaqachon keng vakolatlarga ega edi. 2025 yil 1-iyuldan boshlab idora ekstremizm yoki pul yuvish shubhasi bilan jismoniy shaxslarning hisob raqamlari va kartalarini 10 kungacha bloklash huquqiga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda «Rosfinmonitoring» «terrorchilar va ekstremistlar» reyestrini ham kengaytirdi. Endi ushbu ro‘yxatga Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish»da ayblangan shaxslar ham kiritilishi mumkin. Shuningdek, siyosiy, milliy, irqiy yoki diniy adovat zamirida sodir etilgan jinoyatlar uchun ham reyestrga tushish ehtimoli mavjud.
Yangi qonun Rossiyada moliyaviy nazoratning yanada markazlashishi va fuqarolar to‘lov faoliyati ustidan davlat kuzatuvi kuchayganini anglatadi.





