
Putin Tramp ultimatumini rad etdi: Ukrainada urush yangi bosqichga chiqishi kutilayapti
16.07.2025 | 08:2020603
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Tramp tomonidan qo‘yilgan 50 kunlik ultimatum va neft xaridorlariga nisbatan tahdid qilingan 100 foizlik sanksiyalarga qaramay, urushni yanada kuchaytirish niyatida.

AQSH prezidenti Donald Tramp ogohlantirgan bosimlar — Rossiya bilan savdo qiluvchi davlatlarga ikkinchilama sanksiyalar va otash to‘xtatilishi uchun berilgan 50 kunlik muhlat — Moskva rahbariyati fikrini o‘zgartirmagan. Putin G‘arb talablarini qabul qilmagunicha urushni davom ettirish tarafdori.
Bu haqda Reuters Kremlga yaqin uch manbaga tayangan holda xabar berdi.
Manbalardan biri ta’kidlashicha, frontdagi vaziyat Rossiya armiyasi uchun yaxshi yakunlansa, Putin yangi hujumni Dnepropetrovsk, Sumi va Xarkivga yo‘naltirishi mumkin. Agar esa Ukrainaning qarshiligi mustahkam bo‘lib qolsa, Rossiya faqat anneksiya qilingan to‘rt oblast bilan qanoatlanishi mumkin.
Putin NATOning kengayishini to‘xtatish va Ukrainaning harbiy salohiyatini cheklashga oid huquqiy kafolatlar talab qilmoqda. Shu bilan birga, u Kiyevga nisbatan xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan. Ammo bu qanday amalga oshirilishi aniq emas.
Reuters manbalariga ko‘ra, Putin G‘arb davlatlaridan tinchlik shartlari yuzasidan jiddiy muloqot bo‘lmagan, deb hisoblaydi. Shu boisdan u maqsadlariga erishmaguncha urushni to‘xtatish niyatida emas. Shuningdek, u Rossiya iqtisodiyotining ustunligiga ishonmoqda: mamlakatdagi o‘q-dorilar va bombalar ishlab chiqarish hajmi NATO davlatlarining jami ishlab chiqarishidan ko‘p, deyiladi xabarda.





