add

Putin Ukraina bo‘yicha «yangi realliklar» tan olinishini talab qilmoqda

23.06.2025 | 09:406713

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina masalasida G‘arbga murojaat qilib, 2022 yildagi referendum natijalarini tan olishni talab qildi. U Ukraina kelajagi tashqi kuchlar emas, faqat milliy manfaatlarga asoslanishi kerakligini ta’kidladi.

Putin Ukraina bo‘yicha «yangi realliklar» tan olinishini talab qilmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sky News Arabia telekanaliga bergan intervyusida Ukraina bilan bog‘liq holatga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina «yaxshiroq taqdirga loyiq», biroq u hozirda Rossiyaga qarshi harakat qilayotgan tashqi kuchlar qo‘lida «vosita»ga aylangan. Putinning fikricha, G‘arb mamlakatlari Ukrainadagi nizoni to‘xtatishga emas, balki uni Rossiyaga bosim o‘tkazish vositasi sifatida saqlashga qiziqmoqda. Shu munosabat bilan u Ukraina rahbarlarini milliy manfaatlarni ustuvor qo‘yishga chaqirdi. Rossiya yetakchisi intervyu davomida 2022 yilda Istanbuldagi muzokaralarda tinchlikka erishish imkoniyati bo‘lganini, lekin bu imkoniyat G‘arbning aralashuvi bilan yo‘qqa chiqqanini eslatdi. Shu bilan birga, Putin Ukraina neytral maqomga ega bo‘lishi va harbiy ittifoqlarga qo‘shilmasligi kerakligini yana bir bor qayd etdi. Eng muhimi, Putin 2022 yilda Rossiya anneksiya qilgan DXR, LNR, Zaporijjya va Xerson oblastlarida o‘tkazilgan referendum natijalarini xalqaro darajada tan olishni talab qildi. Uning ta’kidlashicha, bu natijalarni inkor etish yangi qurolli to‘qnashuvlar xavfini keltirib chiqaradi. Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Putin Rossiya va Ukraina xalqini «bir millat» deb atagan va «Butun Ukraina — bizning yerimiz», degan bayonot bilan chiqish qilgan edi. U bu fikrni «rus askarining qadami yetgan joy — Rossiyaniki» degan so‘zlar bilan mustahkamladi.

Teglar

Mavzuga oid