add

Putin Ukrainaning «neft blitskrigi»dan hayratda — The Telegraph

27.09.2025 | 23:0021614

Ukraina dronlari Rossiya neft zavodlariga zarba berib, mamlakatda yoqilg‘i tanqisligi va iqtisodiy muammolar keltirib chiqardi.

Putin Ukrainaning «neft blitskrigi»dan hayratda — The Telegraph
Britaniyaning The Telegraph nashrining yozishicha, Ukraina Rossiyaning neft infratuzilmasiga yo‘naltirgan zarbalari ortidan mamlakatda yoqilg‘i tanqisligi va iqtisodiy qiyinchiliklar kuchaygan. Moskva, Qrim va Sharqiy mintaqalarda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi, benzin va dizel narxlari oshgan va hukumat ularni normalashtirish choralarini joriy etdi. Ekspertlarning fikricha, Ukraina dronlari neft qayta ishlash zavodlari, quvurlar va port terminallariga urilib, qayta ishlash hajmini ayrim kunlarda 20 foizga qadar qisqartirishga erishgan. Bunday zarbalar Rossiyaning eksport imkoniyatlarini cheklab, Kreml uchun urushni moliyalashtirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuningdek, neft bazalari va nasos stansiyalariga qilingan hujumlar aholi va biznes orasida norozilikni oshirmoqda. Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak muammoni «kichik tanqislik» deb baholadi, ammo tahlilchilar vaziyat aholi va biznes uchun jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Energetika bo‘yicha ekspert Lyuk Vikenden ta’kidlashicha, dronlar ichki ta’minot uchun mas’ul ob’ektlarga yo‘naltirilgan. Natijada, Rossiya bo‘ylab yoqilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda va bu ichki muvozanatni yanada izdan chiqarishi muqarrar. AQSH va Yevropa Ittifoqi Kremlga bosimni kuchaytirishda davom etmoqda. Donald Tramp Yevropani Rossiya energetika mahsulotlaridan butunlay voz kechishga chaqirdi. YeI esa 2026 yil oxiriga qadar gaz importini to‘liq to‘xtatish rejasini jadallashtirmoqda. Ekspertlar Ukraina hujumlarini Rossiyaning harbiy byudjetiga eng samarali «sanksiyalar» sifatida baholamoqda, chunki ular tez va bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Rossiya iqtisodiyoti hali sanksiyalarga bardoshli bo‘lsa-da, yonilg‘i tanqisligi va yetkazib berishdagi uzilishlar Putin uchun ichki bosimni kuchaytirayotgani ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid