
Putin Zelenskiyni Moskvaga taklif qildi, Kiyev bunga keskin qarshi chiqdi
03.09.2025 | 23:3022133
Putin Ukraina prezidentini Moskvada uchrashuvga chaqirdi va bahsli hududlar bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Ukraina buni haqoratli va mantiqan mumkin emas deb hisobladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekinga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga taklif etdi. Unga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp ham bunday uchrashuvni qo‘llab-quvvatlagan. «Agar Zelenskiy tayyor bo‘lsa, Moskvaga kelsin», — dedi Putin.
Biroq u Zelenskiyning legitimligiga shubha bildirdi. Putin Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentning vakolati besh yilga belgilanganini, u muddat tugaganini va harbiy holat vakolatni uzaytirish asosi bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, rahbarlik vakolati spikerga o‘tishi kerak edi.
Putin shuningdek, Ukraina hukumatini hududlar bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirdi. Ammo u bunday ovoz berish harbiy holatda mumkin emasligini tan oldi. «Bu yo‘l hech qayerga olib bormaydi», — deya xulosa qildi u.
Ukraina rasmiylari bu tashabbusni rad etib, Kreml tinchlik emas, vaqtni cho‘zishga harakat qilayotganini bildirdi. Zelenskiyning maslahatchisi Dmitriy Litvin bunday taklifni «putinchasiga aldash» deb atadi Ukraina tashqi ishlar vaziri.
Ukraina prezidenti Zelenskiy muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan, ammo uchrashuvni Tramp va boshqa xalqaro ishtirokchilar ishtirokida o‘tkazishni ma’qul ko‘rgan. Unga ko‘ra, Kreml haligacha jiddiy munosabat bildirmayapti.





