
Putinning matbuot anjumani: Zelenskiy bilan uchrashuv, «Sibir qudrati-2» foydasi va Tramp hazili
04.09.2025 | 08:20330414
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyga qilgan tashrifi yakunlari bo‘yicha Pekinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

Rossiya davlat rahbari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyor ekanini bildirdi, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbati haqida so‘zlab berdi va AQSH prezidenti Donald Trampning hazil hissiga baho berdi. Rossiya prezidentining eng muhim bayonotlarini keltiramiz.
Ukrainadagi mojaro va Zelenskiy bilan uchrashuv hamda uning legitimligi haqida
Putin Zelenskiy bilan uchrashuvni hech qachon istisno qilmagan, ammo bunday uchrashuvdan ma’ni bormi-yo‘qmi, bunga shubha bilan qaraydi.
Tramp Putindan Zelenskiy bilan uchrashishni so‘ragan. Putin esa Trampga uchrashuvga tayyor ekanini aytgan.
Agar Zelenskiy uchrashuvga tayyor bo‘lsa, u Moskvaga kelsin, dedi Putin.
Zelenskiyning vakolatlari tugagan, u bilan uchrashish — bu bekorga qadam tashlashdir.
Putin Ukraina prezidentini «amaldagi ma’muriyat rahbari» deb atadi.
«Ukraina konstitutsiyasida Zelenskiyning vakolatlarini uzaytirish tartibi ko‘rsatilmagan. Unda faqat harbiy holat paytida saylovlar o‘tkazilmasligi belgilab qo‘yilgan, biroq bu prezident vakolatlari avtomatik ravishda uzaytiriladi, degani emas.
Konstitutsiyaga muvofiq, Zelenskiyning vakolatlari Oliy Rada spikeriga o‘tishi kerak.
Ukrainada Konstitutsiyaviy sud rahbarining ham vakolati tugagan», dedi Putin.
Xavfsizlik kafolatlari haqida
Ukraina o‘z xavfsizligini ta’minlash tizimini mustaqil ravishda tanlash huquqiga ega.
Ukraina xavfsizligi Rossiya xavfsizligi hisobidan ta’minlanmasligi kerak.
Rossiya Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga doimo qarshi bo‘lgan, ammo uning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi emasligini bildirgan.
Rossiya hech qachon xavfsizlik kafolatlari doirasida Ukraina bilan hudud almashish masalasini ko‘tarmagan va muhokama qilmagan.
Ukraina rahbariyati hududiy masalani hal qilish uchun referendum o‘tkazishi kerak.
Rossiyaning Ukrainadagi maqsadlari haqida
Rossiya hududlar uchun emas, balki odamlarning o‘z ona tilida so‘zlashi, o‘z madaniyati va an’analari doirasida yashash huquqi uchun kurashmoqda.
O‘z hududlarini Rossiyaga qo‘shilishga qaratilgan referendumda qo‘llab-quvvatlagan odamlar fikriga hurmat bilan qarash lozim, mana shu — demokratiya.
G‘arb va Ukrainaning aybdorligi haqida
Ukrainadagi fojia uchun ayb G‘arb zimmasida, u Rossiyaning xavfsizlik sohasidagi manfaatlarini butunlay inkor qildi.
Rossiya tomonidan Ukraina masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha barcha urinishlar chippakka chiqdi.
Moskva 2022 yilning o‘zida Kiyevga — Ukraina janubi-sharqidagi aholi tanloviga hurmat bilan yondashish, u yerdan qo‘shinlarni olib chiqish va mojaroni tugatish taklifini bergan.
Rossiya Kiyev atrofidan o‘z qo‘shinlarini olganidan so‘ng, vaziyat o‘zgargan va rossiyalik muzokarachilarga «deyarli so‘zma-so‘z shunday deyilgan: «endi biz yoki siz bizning boshimizni chopguncha yoki biz siznikini chopguncha jang qilamiz».
Ukrainadagi voqealar — bu G‘arb tomonidan iqtisodiy muammolarni hal etish uchun faqatgina bahona.
G‘arbda «aqlliroq odamlar» bor — ular Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishni istamaydi, chunki bu dunyo iqtisodiyotiga ulkan zarar yetkazishi mumkin.
Frontdagi vaziyat haqida
Rossiya armiyasi deyarli barcha yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli hujum qilmoqda, lekin xotirjamlikka berilmaslik lozim.
Maxsus harbiy operatsiya qatnashchilari Rossiya o‘z maqsadlariga erishishini istaydi.
Ukraina qurolli kuchlari keng ko‘lamli hujum operatsiyalarini olib borish imkoniga ega emas, ular faqat mavjud pozitsiyalarni ushlab turibdi.
Ukraina armiyasining jangga layoqatli bo‘linmalari 47–48 foizdan ortiq to‘ldirilmagan, bu ko‘rsatkich kritik darajada.
Muzokaralar jarayoni haqida
Putin muzokaralar guruhi rahbari sifatida Medinskiyning ishlaridan qoniqishini aytdi.
Rossiyalik muzokarachilar o‘ta sabrli va professional yondashuv namoyish etishgan.
Rossiya muzokaralar guruhi darajasini yuqori siyosiy bosqichga olib chiqishga tayyor.
Mojaroni yakunlash istiqbollari haqida
Agar sog‘lom fikr ustuvor bo‘lsa, mojaroni yakunlash bo‘yicha maqbul variantni kelishib olish mumkin.
Masalaning hal etilishi nuqtayi nazaridan «tunnel oxirida muayyan yorug‘lik» ko‘rinib turibdi.
Harbiy harakatlar — murakkab va shafqatsiz jarayon, ular bo‘yicha bashorat qilish mumkin emas.
Agar Ukraina masalasi tinch yo‘l bilan hal qilinmasa, uni harbiy yo‘l bilan hal etishga to‘g‘ri keladi.
«Sibir qudrati-2» loyihasi haqida
Dunyoda energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib bormoqda, jumladan, Xitoy va Osiyo-Tinch Okeani mintaqasidagi boshqa davlatlarda ham.
Rossiya «xitoylik do‘stlar» uchun raqobatbardosh ustunliklar yaratish niyatida, biroq Pekin gazni vazmin bozor narxlarida oladi.
«Sibir qudrati-2» loyihasi bo‘yicha kelishuvlar o‘zaro manfaatli hisoblanadi, biroq bu yerda hech qanday xayr-ehson yo‘q.
Ushbu gaz quvuri orqali Xitoyga yetkazib berilish hajmi 100 mlrd kubometrgacha yetishi mumkin.
Tramp, uning Moskvaga ehtimoliy tashrifi va Alyaskadagi muzokaralar haqida
Putinning so‘zlariga ko‘ra, u Tramp bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan.
AQSH prezidentining Moskvaga tashrifi bo‘yicha hozircha hech qanday tayyorgarlik yo‘q, muddatlar ham aniq emas, biroq Rossiya tomonidan taklif «hali ham stol ustida turibdi».
Putin Jo Baydenning «Rossiya, Xitoy va KXDR AQSHga qarshi so‘zlashib olgan», degan gapiga javoban Tramp «hazildan xoli emas», deb izoh berdi.
SHHT sammitida Amerika hukumatining amaldagi ma’muriyatiga nisbatan salbiy fikr bildirilmadi.
Ankorijga tashrif vaqtida Putin Trampning limuzinida so‘zma-so‘z «chala inglizcha»da bir necha jumla almashganini aytib o‘tdi.
Ko‘p qutbli dunyo haqida
Ko‘p qutbli dunyoning shakllari aniq ko‘rina boshladi, bu dunyoda hech qanday gegemonlar yo‘q.
Xalqaro munosabatlarda ishtirok etuvchi barcha davlatlar teng huquqqa ega bo‘lishi va bir xil maqomda bo‘lishi lozim.
Bir qutbli dunyo nohaq hisoblanadi va u yo‘q bo‘lishi kerak.
Rossiya, Xitoy va Hindiston tahdidlar oldida zaiflik ko‘rsatmasligi lozim.
Jahon iqtisodiyoti haqida
Jahon iqtisodiyoti rivojlanmoqda, ayniqsa Osiyo-Tinch Okean mintaqasida.
Yevroittifoq mamlakatlari yetakchi iqtisodiyotida retsessiya kuzatilmoqda.
Ozarboyjon haqida
Moskva va Boku munosabatlarida muammolar mavjud, biroq o‘zaro manfaat rivoj uchun katta imkoniyat yaratadi.
Putin Xitoyda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ko‘rib, ikki-uch gap almashgan.
Uzoq umr ko‘rish haqida
Zamonaviy tibbiyot insoniyatga uzoq va faol hayot kechirishga umid bag‘ishlamoqda.
Inson umrining davomiyligi oshib boradi.
OAVda Putin haqidagi bayonotlar bo‘yicha
GFR kansleri Mers Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atagan bayonoti — G‘arbning Ukrainadagi fojiadan o‘zini olib qochish uchun muvaffaqiyatsiz urinishidir.
«Kreml sehrgari» filmi haqida
Putin film haqida ilk marta eshitganini ta’kidladi. Unda Putin rolini Jud Lou ijro etgan.





