add

Putinning navbatdagi yolg‘oni: «Minglab yevropaliklar o‘z yurtlarini tashlab, Rossiyaga ko‘chib kelmoqda»

02.10.2025 | 23:2232464

Putin «Valday» klubida minglab yevropaliklar Rossiyaga ko‘chib kelayotganini ta’kidladi. Holbuki, rasmiy statistika buning aksini ko‘rsatib turibdi.

Putinning navbatdagi yolg‘oni: «Minglab yevropaliklar o‘z yurtlarini tashlab, Rossiyaga ko‘chib kelmoqda»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» xalqaro muloqot klubi yig‘ilishida chiqish qilib, G‘arb mamlakatlaridan, asosan Yevropadan, «minglab insonlar» Rossiyaga ko‘chib kelayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha «oqim» shakllanmagan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda tinimsiz harakat bor. «Bu ko‘proq siyosiy emas, balki qadriyatlarga bog‘liq sabablar bilan amalga oshmoqda», — dedi Putin. Putinning ma’lum qilishicha, 2 mingga yaqin G‘arb fuqarosi Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshirgan. U «G‘arbda bolalarga qarshi gender terrorizmi amalga oshirilayotgani»ni asosiy sabab sifatida ko‘rsatdi.
«Biz uchun insonning qayerdan kelgani muhim emas: agar u biz bilan umumiy qadriyatlarga ega bo‘lsa, demak, u — bizdan», — dedi Kreml rahbari.
Biroq, rasmiy ma’lumotlar Putin so‘zlarini tasdiqlamaydi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi statistikasiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatga ko‘chib kelganlar soni oxirgi 11 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. «Vatandoshlarni ixtiyoriy ko‘chirish» dasturi doirasida bor-yo‘g‘i 11,6 ming kishi Rossiyaga kelgan. Bu raqam 2014 yildan buyon kuzatilmagan past darajani ko‘rsatadi. 2024 yilda esa bu dastur bo‘yicha bor-yo‘g‘i 31,7 ming kishi Rossiyaga ko‘chib kelgan, bu esa oxirgi 14 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Solishtirish uchun, 2023 yilning o‘zida Rossiyaga 15,4 ming kishi yarim yilda ko‘chib o‘tgan edi. Mutaxassislar Rossiyaning o‘ziga xos «qiyinchiliklar to‘ri»ni asosiy omil sifatida ko‘rishmoqda. Faol Galina Ragozina hamda tahlilchi Mixail Burda fikricha, Ukrainaga qarshi urush, migratsiya qoidalarining qat’iylashuvi va yangi fuqarolar uchun majburiy harbiy xizmat talabining kiritilishi Rossiyaning ko‘chib kelish uchun jozibadorligini sezilarli ravishda pasaytirgan.

Teglar

Mavzuga oid