add

Putinning O‘zbekistondagi yangi odami, «yelkasiga shamol tekkan» dehqonlar va Andijonda yonib ketgan 5 tonna yoqilg‘i — 5 sentyabr dayjesti

05.09.2025 | 22:0036758

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Putinning O‘zbekistondagi yangi odami, «yelkasiga shamol tekkan» dehqonlar va Andijonda yonib ketgan 5 tonna yoqilg‘i — 5 sentyabr dayjesti
Fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinadi 2026 yildan boshlab dehqon va fermerlar yetishtirgan mahsulotlar (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bekor qilinadi. Yangi tartib ularga urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i va elektr kabi xarajatlar bo‘yicha to‘langan soliqni qaytarib olish imkoniyatini ham beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu islohot natijasida qishloq xo‘jaligi sub’ektlari ixtiyorida yiliga 300 mlrd so‘m qoladi. Prezident Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda mazkur qaror qishloq xo‘jaligida shaffoflikni ta’minlash va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu orqali yirik plantatsiyalar, qayta ishlash korxonalari ko‘payadi, sohada samaradorlik va bozor imkoniyatlari kengayadi. Mutasaddilarga yangi tizimni amaliyotga joriy etish va fermer hamda dehqonlarga tushuntirish topshirildi.   Eng ko‘p jinoyatlar qaysi universitet talabalari tomonidan sodir qilingani ma’lum bo‘ldi Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasida jinoyatchilik holati muhokama qilinib, vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Statistikaga ko‘ra, 2024 yilda 761 ta jinoyat oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida sodir etilgan, 2025 yilning 6 oyida esa 102 ta universitetning 307 talaba tomonidan jinoyat sodir etilgan. Asosiy holatlar yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, bezorilik va firibgarlikka to‘g‘ri keladi. Jinoyatlarning ko‘p qismi Toshkent shahri va yirik viloyatlarda sodir etilgan bo‘lib, ayniqsa, Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti va bir qator boshqa universitetlar talabalari ko‘proq qayd etilgan. Sabab sifatida ta’lim jarayonida nazoratning yetarli emasligi, talabalarning darsdan tashqari vaqtda erkin harakat qilishi va turar joylardagi yetarli nazorat yo‘qligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va muassasalar zimmasiga nazoratni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.   Rossiya O‘zbekistondagi yangi elchisini tayinladi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin farmoni bilan Aleksey Yerxov O‘zbekistondagi yangi elchi etib tayinlandi. U bu lavozimgacha Rossiyaning Turkiyadagi elchixonasiga rahbarlik qilgan va xalqaro diplomatiyada katta tajribaga ega. Unga qadar elchi bo‘lib ishlagan Oleg Malginov 2021 yildan buyon faoliyat yuritib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda ishtirok etgan.   Andijondagi zapravkada yong‘in chiqdi 5 sentyabr kuni Andijon tumanidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida «MAN» rusumli yonilg‘i tashuvchi avtomobildan propan gazini to‘kish jarayonida texnik nosozlik tufayli yong‘in chiqdi. Mashinada taxminan 5 tonna yoqilg‘i saqlangan bo‘lgan. Hodisa haqida soat 12:05 da xabar berilgan va yong‘in-qutqaruvchilar 12:13 da yetib kelib, olovni 13:03 da to‘liq bartaraf etdi. Hodisada jabrlanish holatlari qayd etilmagan, sabablar hozirda o‘rganilmoqda.   Abituriyentlarning 41,29 foizi 56,7 bal ham to‘play olmagan 2025 yilgi oliy ta’limga qabul imtihonlarida 614 ming 768 abituriyent qatnashdi. Ularning 253 ming 844 nafari, ya’ni 41,29 foizi minimal hisoblangan 56,7 ballni ham to‘play olmadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagidan 6 foizga yaxshiroq bo‘lib, qolgan 360 mingdan ortiq abituriyent belgilangan me’yordan yuqori natija qayd etdi. Hududlar kesimida eng past ko‘rsatkich Andijonda kuzatilib, bu yerda abituriyentlarning qariyb yarmi minimal balldan o‘ta olmadi. Toshkent shahri va Buxoroda esa eng yaxshi natijalar qayd etildi. Ayrim hududlarda, xususan, Qoraqalpog‘iston va Navoiyda ko‘rsatkichlar sezilarli yaxshilangan. Shunga qaramay, minimal balldan past to‘plaganlar ham super kontrakt yoki boshqa oliygohlarda bo‘sh qolgan yo‘nalishlarga o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid