
Qanday joyda yashaganlar ko‘proq umr ko‘radi?
30.07.2025 | 16:3026403
Olimlar inson umriga ta’sir etuvchi joylar haqida qiziq xulosaga keldi. Ayrim joylarda yashash inson umrini bir yilgacha uzaytirishi mumkin ekan.

«Environmental Research» jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, dengiz va okean sohillaridagi hududlarda yashovchi aholi mamlakat ichki hududlaridagi odamlarga nisbatan o‘rtacha bir yil ko‘proq yashaydi. Ogayo shtati universiteti olimlari AQSHdagi 66 mingta aholi punkti ma’lumotlarini tahlil qilgan.
Tadqiqotda turli suv havzalariga yaqin yashash inson salomatligiga qanday ta’sir qilishini o‘rganish maqsad qilingan. Bu jarayonda iqlim sharoiti, daromad miqdori, havo sifati, infratuzilma va urbanizatsiya darajasi kabi omillar ham inobatga olingan.
Okean va dengiz sohilidagi muhitda havo tozaligi, dam olish imkoniyatlari va nisbatan qulay iqlim salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois bu hududlardagi aholi o‘rtacha uzoqroq yashaydi.
Biroq shaharlar yonidagi daryo va ko‘l bo‘ylari bunday ta’sirga ega emas. Olimlarning ta’kidlashicha, bu hududlarda ko‘pincha ifloslik, zich qurilish va ijtimoiy tengsizlik darajasi yuqori bo‘lib, umr davomiyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur xulosa jamiyatda shaharsozlik, ekologik siyosat va aholi yashash joyini tanlashga oid qarorlar qabul qilishda muhim ilmiy asos bo‘lishi mumkin.





