add

Qarshi neft bazasi rahbari ishdan olindi

Bugun 11:082 daqiqa

2025 yilni Qarshi neft bazasi moliyaviy zarar bilan yakunlagani ma’lum qilindi.

Qarshi neft bazasi rahbari ishdan olindi

«O‘zbekneftgaz» rahbariyati Qarshi neft bazasida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha korxona direktori lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi. Tekshiruvlar kompaniya boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, ishchi guruh Qarshi neft bazasining joriy holatini qoniqarsiz deb baholagan. Xususan, neft mahsulotlarini realizatsiya qilish jarayonida samarali va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilmagani, shuningdek, korxona rahbariyati tomonidan boshqaruv va ichki nazorat mexanizmlari yetarli darajada ta’minlanmagani aniqlangan.

Tekshiruv natijasida ushbu kamchiliklar moliyaviy natijalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi. Qarshi neft bazasi 2025 yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagan. Tahlillar korxonada xo‘jalik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilmagani, xarajatlar daromadlarga mutanosib ravishda optimallashtirilmaganini ko‘rsatgan. Bu esa korxonaning moliyaviy ahvoli yil sayin yomonlashib borishiga olib kelgan.

Shuningdek, neft mahsulotlari zichligini noto‘g‘ri qo‘llash holatlari aniqlanib, bu holat iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazgani qayd etildi. Aynan shu omillar rahbariyatga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishiga asos bo‘lgan.

«Yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklar va boshqaruvdagi xatoliklar sabab Qarshi neft bazasi direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Ma’lumot uchun, 8-yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» markaziy ofisida barcha neft bazalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Termiz, Jizzax, Maroqand hamda Kuchlik neft bazalari rahbarlari yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun lavozimlaridan ozod etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga adliya katta maslahatchisi Zohid Qorayev tayinlangandi.

Ushbu lavozim vazifalari komplayens talablariga rioya etilishini ta’minlash, ichki nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda korrupsiya xavf-xatarlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi.

Teglar

Mavzuga oid