Logo

Qarshida huquq faoli qiynoqqa uchragani aytilmoqda

Bugun 08:003 daqiqa

Abdurahmon Tashanovning yozishicha, Javohir Mo‘minov Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasida boshiga qop kiydirilgan holda kaltaklangan va qiynoqqa solingan.

Qarshida huquq faoli qiynoqqa uchragani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida huquq faoli Javohir Mo‘minovga nisbatan qiynoq qo‘llangani haqida da’volar yangradi. Bu haqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Tashanovning yozishicha, Javohir Mo‘minov Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasida boshiga qop kiydirilgan holda kaltaklangani va qiynoqqa solinganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, voqeadan keyin tez tibbiy yordam chaqirilgan.

Huquq faolining himoyachisi sifatida ishtirok etgan advokat Lazizjon Sharipov ham tan jarohati olgani aytilmoqda. Tashanovning ma’lum qilishicha, advokatga yetkazilgan jarohatlar yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Ekspertiza tayinlangani ma’lum qilindi

Tashanov e’lon qilgan hujjat nusxasiga ko‘ra, Qarshi shahar prokuraturasi tergovchisi fuqaro Lazizjon Sharipovning tan jarohatlari bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza tayinlash haqida qaror chiqargan. Hujjatda ekspertizaga jarohatlarning mavjudligi, og‘irlik darajasi, kelib chiqish mexanizmi va holatlarga mosligiga aniqlik kiritish vazifasi yuklangan.

Huquq himoyachisining iddao qilishicha, advokatga yetkazilgan jarohatlar bo‘yicha ekspertiza tayinlangan bo‘lsa-da, Javohir Mo‘minovga nisbatan qo‘llangan qiynoq holatlari bo‘yicha tekshiruvlar yetarli darajada olib borilmayapti.

Tashanovning bildirishicha, holat yuzasidan O‘zbekiston Ombudsmani xabardor qilingan va materiallar jurnalistlarga taqdim etilgan. U, shuningdek, Buxoro viloyatida advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilingani haqidagi tekshiruvlar davom etayotgan bir vaqtda mazkur voqea sodir bo‘lganini ta’kidlagan.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa rasmiy idoralar huquqbonning mazkur iddaolari yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.

Mo‘minov atrofidagi bahslar

Javohir Mo‘minov Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi huquq himoyachilaridan biri hisoblanadi. U bir necha yildan beri fuqarolarning huquqlari buzilishi, qiynoqlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati hamda jinoyat ishlaridagi ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida ma’lumot to‘plab kelgan.

2026 yil boshlarida Mo‘minov tovlamachilikda ayblanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan qamoqqa olingan. Tergov materiallariga ko‘ra, ish muqaddam Majburiy ijro byurosi xodimi tomonidan do‘pposlangani aytilgan Qarshi shahri yashovchisi Jo‘ra Akbarov bilan bog‘liq voqealar ortidan yuzaga kelgan. Mo‘minov ushbu ishda Akbarov manfaatlarini himoya qilib kelgan.

«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov esa Mo‘minovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, uning hibsga olinishini huquq himoyasi faoliyati bilan bog‘lagan. Tashanovning ta’kidlashicha, Mo‘minov Qashqadaryodagi qator jinoyat ishlari, jumladan «soxta jabrlanuvchilar» va ehtimoliy korrupsiya holatlari haqida materiallar to‘plagan. Huquq faoliga ko‘ra, bu ma’lumotlar mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga oid savollarni kun tartibiga olib chiqqan.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Mo‘minovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar qonuniy asosda olib borilayotganini bildirgan, Tashanovning iddaolari yuzasidan esa rasmiy munosabat e’lon qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid