
Qashqadaryoda ikki jurnalist qamaldi
Ular firibgarlik va tovlamachilikda aybdor deb topilgan.

Qashqadaryo viloyatida ikki jurnalist tovlamachilik va firibgarlik qilgani uchun qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-noyabr kuni Ko‘kdala tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi «Aspekt 24» axborot agentligining 1988 va 2004 yillarda tug‘ilgan muxbirlarini Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan. Birinchi shaxs Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) va 168-moddasi 3-qismi «b» (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik), «v» (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bandlari bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ikkinchi muxbir Jinoyat kodeksining 28, 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga 1 yil-u 4 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, ikkala jurnalist ham bir yil davomida davlat ishtirokidagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etilgan.
«Ayni paytda birinchi instansiya sudining hukmi qonuniy kuchga kirgan bo‘lib, ushbu hukm ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir», - deyiladi xabarda.





