
Qashqadaryoda maktab direktori ish so‘ragan o‘qituvchiga jinsiy aloqa taklif qildi
16.10.2025 | 12:1519343
Ijtimoiy tarmoqlarda Ko‘kdala tumanidagi 17-maktab direktorining ishga joylashish evaziga ayolga jinsiy aloqa taklif qilgani haqidagi audio yozuvi tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ko‘kdala tumani 17-maktab direktorining ishga qabul qilish evaziga o‘qituvchi ayolga jinsiy aloqa taklif qilayotgani haqidagi audio yozuvlar jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, holat belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan va boshqarma boshlig‘ining 2025 yil 16 oktyabrdagi 844-K-sonli buyrug‘i bilan maktab direktori lavozimidan ozod etilgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, boshqarma pedagog obro‘si va ta’lim tizimining nufuziga dog‘ tushiruvchi har qanday xatti-harakatni keskin qoralaydi. Shu bois bu kabi holatlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi bildirilgan.
Jamoatchilik fikricha, ta’lim tizimida axloqiy me’yorlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish zarur. Soha vakillari pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosati darajasida ta’minlanishi lozimligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu ilk holat emas — avvalroq Makttabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi mas’ul shaxs ham ayollarga jinsiy aloqa evaziga rahbar lavozim taklif qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bu kabi holatlar ta’lim sohasida katta axloqiy muammolarni ko‘rsatmoqda.





