add

Qatar Airways — dunyodagi eng yaxshi aviakompaniya deb topildi

19.06.2025 | 12:0023264

Britaniyaning Skytrax konsalting kompaniyasi tomonidan tuziladigan World Airline Awards 2025 reytingida Qatar Airways yana birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu kompaniya so‘nggi 25 yil ichida to‘qqizinchi bor dunyo yetakchisi bo‘lishidir.

Qatar Airways — dunyodagi eng yaxshi aviakompaniya deb topildi
Joriy yilgi natijalar Parijdagi Xalqaro aviakosmik salon doirasida e’lon qilindi. Tahlilda 22,3 millionga yaqin yo‘lovchi qatnashib, 325 ta aviakompaniyani xizmat sifati, xavfsizlik va qulaylik kabi ko‘rsatkichlar asosida baholagan. Kuchli o‘ntalikdagi birinchi uchlikni Qatar Airways, Singapore Airlines va Emirates tashkil etdi. Qatar Airways lo‘ndaligi, zamonaviy aviaparki va yuqori xizmat madaniyati bilan ajralib turdi. Uning izidan Singapore Airlines — samimiy ekipaji va yuqori darajadagi qulayliklari bilan, hamda Emirates — texnologik jihatdan ilg‘or samolyotlari va ko‘ngilochar tizimlari bilan e’tirof etildi. To‘rt va beshinchi o‘rinlarni Yaponiya va Hongkong aviakompaniyalari — ANA va Cathay Pacific egalladi. Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi yo‘nalishlari bilan ma’lum Turkish Airlines oltinchi o‘rinni egalladi. Air France, Japan Airlines, Korean Air va Xitoyning Hainan Airlines kompaniyalari ham kuchli o‘ntalikka kirdi. Shuningdek, alohida nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. “Eng yaxshi ekipaj” deb Singapore Airlines tan olindi. Turkish Airlines — Yevropaning eng yaxshi aviakompaniyasi, Tayvanning EVA Air aviakompaniyasi esa “Eng ozoda aviakompaniya” unvonini oldi. Afsuski, bu yilgi reytingda O‘zbekiston aviakompaniyalari 100 talik ro‘yxatdan o‘rin ololmadi. Ammo Qozog‘istondan Air Astana 36-o‘rinni, byudjet segmentidagi FlyArystan esa 87-o‘rinni egalladi. Skytrax reytingi aviatsiya sohasida eng nufuzli xalqaro baholash tizimlaridan biri hisoblanadi. U yo‘lovchilar uchun xizmat sifatini yaxshilashda aviakompaniyalar o‘rtasida kuchli raqobatni ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Qatar Airways — dunyodagi eng yaxshi aviakompaniya deb topildi | Vaqt.uz