add

«Qayrat» – «Real» o‘yini oldidan Olmaotada vaziyat qanday?

30.09.2025 | 08:18209711

Aeroportda navbatlar, o‘yinga chipta narxi kvartira bahosida, muxlislar 30 dan ortiq davlatdan kelishmoqda.

«Qayrat» – «Real» o‘yini oldidan Olmaotada vaziyat qanday?
Jennifer Lopesning avgustda Olmaotaga kelib o‘tkazgan konserti atrofidagi ajiotaj ham bu safargi futbol voqealari qarshisida soyada qoldi. 30 sentyabr, seshanba kuni, Qozog‘istonning «Qayrat» jamoasi UEFA Chempionlar Ligasi umumiy bosqichida dunyoning eng nufuzli klublaridan biri — Madridning «Real» jamoasini qabul qiladi. Ispaniya matbuoti bu to‘qnashuvni «Dovud va Jolut»ning futbolidagi talqini deb atayapti. «Qayrat» barcha ko‘rsatkichlarda — byudjet, futbolchilar narxi, ijtimoiy tarmoqdagi obunachilar sonida «Real»dan o‘n karra, hatto yuz karra orqada. Bu esa o‘yinga qiziqishni yanada oshirmoqda.   Chipta narxi — kvartira bahosida, navbatda — million kishi Match uchun kurashmi, bayrammi — Olmaota shunga tayyorlanmoqda, deb yozadi Qozog‘istonga «Qayrat» – «Real» uchrashuvini yoritish uchun kelgan ispaniyalik AS nashri muxbirining reportaji. Chiptalar 23 sentyabrdan boshlab sotuvga chiqqan va bir necha soat ichida to‘liq tugagan. Eng arzon chiptalar 30 ming tanga (720 ming so‘m atrofida)dan boshlangan bo‘lsa, stadionning markaziy sektorlaridagi eng yaxshi joylar 250 ming tanga (6 mln so‘m)ga baholangan. Shunga qaramay, mamlakat aholisining qariyb 5 foizi — 1 millionga yaqin kishi o‘yinga tashrif buyurish istagini bildirgan. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlangan paytdayoq Qozog‘iston bo‘ylab minglab futbol ishqibozlari virtual navbatdan joy egallashga shoshilishgan. Ba’zilar hatto o‘z kompyuteri oldida kutib o‘tirishgan, ammo platforma xizmatini qayta ishga tushirib, ilgariroq ro‘yxatdan o‘tganlar bilan keyinchalik ro‘yxatdan o‘tganlar imkoniyatini tenglashtirdi. Omad kulib boqqan muxlislar bir qo‘lga faqat ikkitadan chipta olish imkoniga ega bo‘lishdi. Ammo bu katta ajiotaj fonida darrov chiptalarni qayta sotishga urinayotganlar ham topildi: yuzlab e’lonlarda biletlar narxi 1 million tanga (23 mln so‘m)gacha yetgan. Hatto bir kishi ikkita chipta uchun 23,8 million tanga talab qilgan yoki ularni Astanadagi bir xonali kvartiraga almashtirishni taklif etgan. Bu hazilmi yoki yo‘q — noma’lum. Shu bilan birga, chiptasiz qolganlar ham umidni yo‘qotmagan. Stadionga yaqin joylashgan uylarning aholisi arenani ko‘rib turuvchi oynali xonalarni yoki bino tomlarini muxlislarga ijaraga taklif qilmoqda. Shuningdek, uchrashuvni ko‘rish uchun qo‘shni davlatlar va Markaziy Osiyodan minglab muxlislar kelishi kutilmoqda, deb yozadi RBK.   Yuzlab muxlislar aeroportda, stadion esa ta’mirlanmoqda Madridning «Real» jamoasi yakshanba kundan dushanbaga o‘tar kechasi 12 soatlik parvozdan so‘ng Olmaotaga yetib keldi. Dunyoning eng mashhur futbol klublaridan birining parvozini FlightRadar24 xizmatining 20 mingdan ortiq foydalanuvchisi kuzatub bordi — bu o‘sha tunning eng mashhur reysiga aylandi. Aeroportda «Real» futbolchilari uchun tantanali kutib olish marosimi uyushtirildi: milliy libosdagi musiqachilar Chempionlar ligasi gimnini qozoq an’analari uslubida ijro etishdi. Kech bo‘lishiga qaramay, aeroportga «Real»ning mingga yaqin mahalliy muxlislari ham kelgan. Ammo ularni ranjituvchi holat kutib turdi — madridliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri VIP chiqish orqali chiqib, to‘plangan omma yonidan o‘tmasdan mehmonxonaga yo‘l olishdi. Shu bois ba’zi muxlislar hatto o‘z kumirlarini hushtakbozlik bilan kutib olishgan. Mehmonxona oldida ham bir necha yuz kishi to‘plandi. Gap‑so‘zlarga ko‘ra, ba’zi insonlar Mbappe, Vinisius va boshqa yulduzlar bilan suratga tushish imkonini qo‘lga kiritish uchun hatto oldindan ulkan pullar evaziga xonalarni bron qilgan. Biroq ularning bronlari bekor qilingan. Chunki Real Olmaotadagi «Intercontinental» mehmonxonasidagi barcha nomerlarni sotib olgan — hech kim xalaqit qilmasligi uchun. Olmaotadagi markaziy stadion 1958 yili qurilgan bo‘lib, hozirgi yevropacha zamonaviy komplekslar darajasiga javob bermaydi. Ammo mahalliy ma’muriyat uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga jiddiy kirishgan: kirish joylaridagi eski zanglagan to‘siqlar olib tashlanib, yangi turniketlar o‘rnatilmoqda, devorlarda esa graffiti rassomlari «Qayrat» klubining sariq va qora rangdagi ulkan kompozitsiyalarini chizmoqda. Chim holati yaxshi deb baholanmoqda. Stadionning sobiq xodimi so‘zlariga ko‘ra, yaqindagi Jennifer Lopes konsertidan keyin maydon biroz zarar ko‘rgan bo‘lsa‑da, agronomlar xizmati uni tezda yaxshi holatga keltirgan.   Har bir futbolchiga — bitta avtomashina «Qayrat» jamoasi futbolchilari «Real»ga qarshi uchrashuvda muxlislar tomonidan mislsiz qo‘llab-quvvatlashni his etishadi. Shunday ekan, ularda motivatsiya yetishmasligi mumkin emas. Bu safar madridliklar Qozog‘istonga deyarli to‘liq asosiy tarkib bilan tashrif buyurishgan bo‘lsa-da, «Qayrat» o‘z uyida ko‘tarinki ruhda maydonga chiqadi. Futbolchilarning ruhiy holatini yanada ko‘tarish maqsadida mamlakatdagi eng boy tadbirkorlardan biri — Tursing‘ali Alaguzov g‘alaba qozonilsa, har bir o‘yinchiga bittadan Hyundai Sonata avtomobili sovg‘a qilishini va’da qildi. Mashinalar «Olg‘a, Qayrat!» shiori tushirilgan yangi sedanlardan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga, jamoa bosh murabbiyi Rafael Urazbaxtin ta’kidlashicha, uning shogirdlari hech qanday mukofotlarsiz ham maydonga ulkan ishtiyoq bilan chiqishmoqda. Uning ta’rificha, dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri — «Real»ga qarshi o‘ynash futbolchilar uchun ham orzu, ham sinovdir.

Teglar

Mavzuga oid