
Qidiruvda bo‘lgan 3 nafar fuqaro BAAdan ekstraditsiya qilindi
03.08.2025 | 11:5040612
BAAdan O‘zbekistonga xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaro ekstraditsiya qilindi. Ular og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblangan.

IIV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu shaxslar O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mamlakat hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlar bo‘yicha qidiruvga berilgan. Ular xalqaro qonunchilik asosida BAAda aniqlanib, qo‘lga olingan.
Ekstraditsiya jarayoni Toshkent va Abu-Dabi shaharlaridagi Interpol Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va kelishuvlar asosida amalga oshirildi. Bu jarayon ikki davlat o‘rtasida transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
IIV ta’kidlashicha, ushbu ekstraditsiya amaldagi xalqaro bitimlar va huquqiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq bajarilgan. Og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxslar endi O‘zbekistonda sud oldida javob beradi.
Mutasaddilarning aytishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonning xalqaro huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligi kuchaygani tufayli qochqin va qidiruvdagi shaxslarni qaytarish holatlari sezilarli darajada oshgan.





