add

Qimmatlashayotgan AI-80, «Margimush qabristoni» bo‘htoni va Abbosbek Fayzullayevning yangi klubi — 30 iyul dayjesti

30.07.2025 | 22:0427408

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qimmatlashayotgan AI-80, «Margimush qabristoni» bo‘htoni va Abbosbek Fayzullayevning yangi klubi — 30 iyul dayjesti
AI-80 benzini narxi 11 kundan beri uzluksiz qimmatlashmoqda AI-80 benzini narxi O‘zbekistonda 11 savdo sessiyasi davomida uzluksiz qimmatlashib, bir tonnasi 10,83 million so‘mga yetdi. Bu 11 iyuldan beri 8,5 foizlik o‘sishni anglatadi. Yil boshidan buyon umumiy narx oshishi 16,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, iyul oyining o‘zida 10 foizga qimmatlashgan. Narx oshishiga bozordagi cheklovlarning bekor qilinishi va tashqi omillar sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar bunday tendensiya yana davom etishini aytishmoqda. Rossiya benzini eksporti cheklangani, mayda importchilar bozordan chiqib ketayotgani va «O‘zbekneftgaz» 2025 yil sentyabridan AI-80 ishlab chiqarishni to‘xtatishi narxlarga bosimni kuchaytiradi. Davlat AI-92 va AI-95 kabi yuqori oktanli, ekologik toza yoqilg‘ilarga o‘tishni rag‘batlantirmoqda.   Chorvoq suv omboriga «Margimush qabristoni»dan xavf yo‘qligi ma’lum qilindi So‘nggi kunlarda Chorvoq suv omboriga «Margimush qabristoni»dan zaharli moddalar tushishi mumkinligi haqidagi xabarlar asossiz deb topildi. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, qabriston 2024 yilda to‘liq konservatsiya qilingan bo‘lib, uning atrof-muhitga tahdid solishi mumkin emas. Ob’ekt 1938–1946 yillardagi sanoat chiqindilari joylashtirilgan hudud bo‘lib, u beton devorlar bilan o‘ralgan, maxsus kameralar va muhofaza tadbirlari bilan ta’minlangan. Har chorakda tuproq va suv namunalari tahlil qilinib, xavfsizlik monitoringi olib borilmoqda. Radiatsiya darajasi ham belgilangan me’yorlardan oshib ketmagan. Rasmiylar fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi feyk ma’lumotlarga ishonmaslikka va haqiqiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda. Agar kerak bo‘lsa, ob’ektni joyida ko‘rib chiqish imkoniyati ham mavjud.   «Toshshahartrans» ishi: Oliy sud jazoni yengillashtirish sababini izohladi 7,5 yilga qamalgan «Toshshahartransxizmat» rahbari Anvar Jurayev va bir necha xodimlar ozod etilgani jamoatchilikda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oliy sud bayonotiga ko‘ra, sudlanuvchilar 2,47 mlrd so‘mlik zararni to‘liq qoplagani sababli, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismi asosida ularga ozodlikdan mahrum qiluvchi jazo qo‘llanmagan. Apellyatsiya sudi 2025 yil 5 iyun kuni Jurayev va boshqalarga nisbatan yengilroq jazo tayinladi hamda jinoiy yo‘l bilan topilgan 2 ta uy-joyni musodara qilish haqida qaror chiqardi. Oliy sud norozi tomonlar qaror ustidan shikoyat qilish huquqiga ega ekanini eslatdi.   40 ta begona atamaga o‘zbekcha nom berildi: «Parol» – endi «o‘ron», «avans» – «bo‘nak» O‘zbekistonda adabiy til me’yorlarini mustahkamlash maqsadida 40 ta keng qo‘llaniladigan begona atamaga o‘zbekcha muqobil nom berildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining 2025 yil 30 iyuldagi qaroriga asosan, «dostavka» — «yetkazish», «parol» — «o‘ron», «svetofor» — «yo‘lchiroq», «link» — «havola», «avans» — «bo‘nak» kabi atamalar rasman tasdiqlandi. Yangi ro‘yxatda texnik, ma’muriy va axborot texnologiyalari sohasiga oid so‘zlar qamrab olingan bo‘lib, ular rasmiy muomala, ta’lim va OAVda qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Masalan, «aysberg» — «muztog‘», «motivatsiya» — «ruhlantirish», «chellenj» — «chorlov», «portfolio» — «yig‘majild», «master-klass» — «mahorat darsi» tarzida atamalar aniq ifodalangan.   Rasman: Fayzullayev endi Shomurodov bilan bir jamoada o‘ynaydi O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tdi. U Rossiyaning SSKA jamoasidan 7,5 million yevro evaziga sotib olindi va yangi klubi bilan 2029 yilgacha shartnoma imzoladi. Fayzullayev yangi jamoasida 11-raqam ostida o‘ynaydi. Endi u turkiyalik klubda Eldor Shomurodov bilan birga to‘p suradi. Shu tariqa, ikki o‘zbekistonlik futbolchi Superligada bir jamoa safida harakatlanish imkoniga ega bo‘ladi. SSKAda Fayzullayev 72 o‘yinda ishtirok etib, 8 gol va 22 golli uzatmaga ega bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid