add

Qirg‘iziston noqonuniy migrantlarning mamlakatga qayta kirishini cheklamoqchi

16.07.2025 | 16:455493

Qirg‘iziston hukumati mamlakatga noqonuniy tarzda kirgan fuqarolarni qayta kirishdan tiyish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Qamchibek Tashiyevning bayonotiga asosan Report.kg xabar berdi.

Qirg‘iziston noqonuniy migrantlarning mamlakatga qayta kirishini cheklamoqchi
8 iyul kuni Tashiyev O‘sh viloyatiga tashrif buyurib, “Do‘stuk” chegara punktidagi migratsiya oqimi bilan tanishdi. Har kuni ushbu nuqtadan 20 minggacha kishi o‘tayotgani qayd etildi. Ertalab oqim Qirg‘izistonga qaratilayotgan bo‘lsa, kechqurun o‘sha fuqarolar O‘zbekistonga qaytayotgani kuzatilmoqda. Tashiyev migratsiyaning bunday xarakterini shubha ostiga olib, chegarani faqat ishlash maqsadida kesib o‘tayotgan fuqarolarni aniqlash zarurligini bildirdi. U Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga bu masalani nazorat qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Mas’ullar ta’kidlashicha, O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonda 60 kungacha qolishi mumkin, ammo ular 5 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Bunga rioya qilmaganlar jarimaga tortilmoqda. Har kuni 10−15 ta qonunbuzarlik holati aniqlanmoqda. Tashiyev qonunbuzarlarga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rish, xususan, mamlakatga qayta kirishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vizani buzish holatlari sonini kamaytiradi. Qirg‘izistonda ishlash uchun kelgan xorijliklar «yagona ruxsatnoma» asosida faoliyat olib borishi lozim. Bu hujjat 2025 yil 1 yanvardan boshlab ishga tushirilgan bo‘lib, unda ishchi viza va kvotalar alohida tartibda emas, birlashgan holda beriladi.

Teglar

Mavzuga oid