
Qirg‘iziston O‘zbekistondan tranzit uchun qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilishni so‘radi
Qirg‘iziston O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanuvchi fuqarolaridan undirilayotgan qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilish tashabbusini ilgari surdi.

Qirg‘iziston O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanayotgan fuqarolaridan avtosug‘urta va tonirovka qilingan avtomobillar uchun undirilayotgan qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilishni so‘radi. Bu haqda mahalliy «24.kg» nashri xabar berdi.
Ayni paytda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda. TIV rahbari o‘rinbosari Almaz Imang‘oziyev bu haqda Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi. Deputatlar savollariga javoban u masala hozirda hal etish bosqichida ekanini ta’kidladi.
«Qirg‘izistonning bir hududidan boshqasiga o‘tish uchun O‘zbekistondan tranzit o‘tayotganda, asosan mamlakat janubida shunday muammo bor. Haydovchilarimizdan avtomobil sug‘urtasini sotib olish va agar bo‘lsa, tonirovka uchun to‘lov talab qilinadi. Biz tomonda bunday talab yo‘q. Balki qo‘shnilardan bu talabni bekor qilishni so‘rarmiz?», dedi deputat Dastan Bekeshev.
Qirg‘iziston qat’iy ogohlantirdi
Almaz Imang‘oziyevning ma’lum qilishicha, mazkur iltimos O‘zbekiston tomoniga allaqachon yetkazilgan va hozirda u yerda davlatning ichki qonunchilik va tartib-qoidalari doirasida ko‘rib chiqilmoqda.
«Agar O‘zbekiston tomoni yaqin vaqt ichida tariflarni bekor qilmasa, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan xuddi shunday tariflarni qo‘llaydi» dedi u.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18-iyuldagi qaroriga muvofiq, tusi o‘zgartirilgan oynaga ega bo‘lgan xorijiy yengil avtotransport vositalari mamlakatga vaqtincha kirishi yoki tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSH dollari miqdorida yig‘im to‘laydi.





