Qirg‘izistonda jinsni o‘zgartirishni taqiqlash rejalashtirilmoqda
Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalari va shaxsiy hujjatlardagi jins haqidagi yozuvlarni almashtirishga ham cheklov o‘rnatiladi.

Qirg‘izistonda jinsni o‘zgartirish bo‘yicha xirurgik operatsiyalar, gormonal terapiya va rasmiy hujjatlardagi jinsga oid ma’lumotlarni o‘zgartirish taqiqlanishi mumkin. Bunday cheklovlarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi bugun Jogorku Kenesh (parlament) tomonidan birinchi o‘qishda bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Qonun loyihasi tashabbuskorlaridan biri, deputat Bolot Saginayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi hujjat jinsni o‘zgartirish maqsadida o‘tkaziladigan har qanday tibbiy aralashuvlarni taqiqlashni nazarda tutadi. Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalari va shaxsiy hujjatlardagi jins haqidagi yozuvlarni almashtirishga ham cheklov o‘rnatiladi. Bu haqda parlament yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Istisno holatlar va qonunning maqsadi
Qonunda faqat tug‘ma jinsiy rivojlanish anomaliyalarini davolash holatlari uchun istisno saqlab qolinadi. Bunday vaziyatlarda hujjatlarga o‘zgartirish kiritish faqat tibbiy komissiya xulosasi va sud qarori asosidagina amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.
Tashabbuskorlarning ta’kidlashicha, loyiha an’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish va amaldagi tibbiy ma’lumotnomalar asosida hujjatlarni o‘zgartirishga imkon beruvchi huquqiy bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining yig‘ilishda ma’lum qilishicha, Qirg‘izistonda hozirga qadar jinsni o‘zgartirish bo‘yicha birorta ham operatsiya rasman ro‘yxatga olinmagan, tug‘ma anomaliyalar bo‘yicha statistika esa umuman yuritilmaydi.
Ammo, avvalroq «Xizmat» davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Ernes Dosaliyev mamlakatda birinchi marta rasmiy hujjatlardagi jins haqidagi ma’lumotni o‘zgartirish bo‘yicha murojaat kelib tushganini bildirgan edi. Jogorku Kenesh spikeri va qonun loyihasi mualliflaridan biri Marlen Mamataliyevning qayd etishicha, aynan mana shu pretsedent qonunchilikka tezkor o‘zgartirishlar kiritish uchun asosiy sabablardan biri bo‘lgan.





