add

Qirg‘izistonda milliy steyblkoin va raqamli so‘m sinovi boshlanadi

24.10.2025 | 14:252912

Prezident Sadir Japarov virtual aktivlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda Qirg‘iziston milliy steyblkoinini ishga tushirish va raqamli so‘m platformasini sinovdan o‘tkazishni topshirdi.

Qirg‘izistonda milliy steyblkoin va raqamli so‘m sinovi boshlanadi

Bishkek shahrida virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hamda dunyodagi yirik kriptovalyuta platformalaridan biri — Binance asoschisi Chanpen Chjao ishtirok etdi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari bir qator muhim vazifalarni belgiladi. Jumladan, Iqtisodiyot va tijorat vazirligiga virtual aktivlar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish topshirildi. Bu mamlakatda raqamli iqtisodiyotni huquqiy jihatdan barqaror tarzda yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligiga esa raqamli va moliyaviy savodxonlikni oshirish, shuningdek sun’iy intellekt va blokcheyn sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.

Shu bilan birga, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar o‘rtasida xavfsizlik standartlari va risklarni boshqarish bo‘yicha yagona tizim ishlab chiqish uchun kelishuvlar o‘tkaziladi. Bu raqamli aktivlar bozorida shaffoflik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Milliy kengash kotibiyatiga KGST nomli milliy steyblkoinni ishga tushirish va uni xalqaro platformalarda listing qilish bo‘yicha ishlar yuritish topshirildi. Shuningdek, ikki oy muddatda davlat kriptovalyuta zaxirasini yaratish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi ham belgilandi.

Qirg‘iziston Milliy banki esa raqamli so‘m platformasini pilot tartibida sinovdan o‘tkazishni boshlaydi. Bu tajriba mamlakat moliya tizimida raqamli to‘lovlar va elektron pul aylanmasi imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi.

Teglar

Mavzuga oid