
Qirg‘izistonda valuta ayirboshlashda pulning kelib chiqish manbasi tekshiriladi
Qirg‘iziston Milliy banki tomonidan barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar kamida besh yil davomida saqlanishi belgilandi.

Qirg‘izistonda 14-yanvardan boshlab valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyatiga yangi talablar joriy etildi. Unga ko‘ra, ayirboshlash nuqtalari mijozlarning shaxsini aniqlash, zarurat tug‘ilganda esa pul mablag‘larining kelib chiqish manbasini tekshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Yangi qoidalar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy banki tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, mamlakat fuqarolari va xorijiy shaxslarga birdek tatbiq etiladi. Regulyator izohicha, qaror daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va boshqa moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan.
Tartibga ko‘ra, valuta ayirboshlash shoxobchalari mijozlarning hujjatlarini tekshirishi, katta yoki g‘ayrioddiy operatsiyalarga alohida e’tibor qaratishi mumkin. Shuningdek, mablag‘ manbasi shubha uyg‘otgan hollarda qo‘shimcha ma’lumot yoki hujjatlar talab etiladi.
Yana bir muhim jihat — shubhali deb baholangan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish va bu haqda Milliy bankka xabar berish majburiyati joriy etildi. Barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar kamida besh yil davomida saqlanishi shart.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, oddiy mijozlar uchun ayirboshlash jarayoni avvalgidek davom etadi. Faqat yirik miqdordagi mablag‘lar yoki standartdan chetga chiquvchi operatsiyalar amalga oshirilganda tekshiruvlar kuchaytiriladi. Bu choralar moliyaviy tizim barqarorligini saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.





