
Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi
Agrar tarmoqda ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish va tadqiqotlarni chuqurlashtirish uchun Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlagandek, agrar yo‘nalishda 22 ta ilmiy markaz va 260 ta laboratoriya faoliyat yuritib, yuzlab olimlar zamonaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqda. Yangidan tashkil etilgan akademiya ushbu salohiyatni bir yo‘nalishga birlashtirib, fundamental va amaliy ilmiy ishlanmalarni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.
«Men bir gapni takror aytishdan charchamayman. Ilm va izlanish bo‘lmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.
Sohada kadrlar tayyorlash tizimi ham takomillashtirilmoqda. O‘tgan yili 4 ta institut negizida tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish institutida har yili 8 mingdan ortiq fermer, dehqon va klaster xodimlari zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Bu bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga tezkor joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Gollandiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Xitoydan tajribali agronomlar jalb qilinib, mahalliy mutaxassislarni yangiliklardan doimiy xabardor qilib boruvchi tizim tashkil etilmoqda. Bu orqali xalqaro tajribaning bevosita o‘rganilishi ta’minlanadi.
Qo‘shimcha ravishda, paxta-g‘alla, meva-sabzavot va eksport yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 500 nafar eng ilg‘or fermer, bog‘bon va eksportchi Xitoy, Turkiya, Gollandiya va Fransiyada malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Davlat ularning yo‘lkira va mehmonxona xarajatlarini to‘liq qoplab berishi belgilandi. Tashabbusning maqsadi – mahalliy agrar tadbirkorlarni xalqaro mezonlarga mos bilim va tajriba bilan ta’minlash.





