add

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS nol stavkasi joriy etildi

Bugun 18:272 daqiqa

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda soliq yukini kamaytirishga qaratilgan yangi tartib kuchga kirdi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS nol stavkasi joriy etildi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha nol stavka joriy etildi. Ushbu tartib prezidentning 2025 yil 4-sentabrda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga muvofiq, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni (paxta va g‘alladan tashqari) sotishda QQSning “0” stavkasi qo‘llaniladi. Bu chora qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish va mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

QQSning nol stavkasi tatbiq etiladigan mahsulotlar ro‘yxati Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu ro‘yxat doimiy ravishda yangilanib, idoralarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.

Shu bilan birga, ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘langan QQSni qoplash tartibi saqlab qolinadi. Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga QQS summasi avtomatlashtirilgan tarzda uch ish kuni ichida qaytarilishi belgilangan. Bu jarayon ham paxta va g‘alla ishlab chiqaruvchilaridan tashqari barcha fermer va agrobiznes sub’ektlarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari bilan hamkorlikda QQSni bir yetkazib berish zanjiri doirasida hisobga olish tizimi takomillashtiriladi.

Elektron hisobvaraq-fakturalar xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatik tahlil qilinadi.

Qayd etilishicha, yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalar ulushi hisobot davrida barcha EHFlarning 10 foizidan oshmasligi kerak. Agar ushbu chegaradan oshish holati kuzatilsa, QQS summasi sotuvchi yoki xaridor tomonidan byudjetga to‘liq to‘langanidan so‘nggina hisobga olinadi.

Teglar

Mavzuga oid