add

Qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati daromadli yondashuv asosida hisoblanadi

28.11.2025 | 09:551672 daqiqa

Yangi nizomga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlarining qiymati hosildorlik, tuproq sifatini baholash va rentabellikka asoslangan daromadli yondashuv orqali aniqlanadi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati daromadli yondashuv asosida hisoblanadi

O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning normativ qiymatini aniqlash bo‘yicha yangi tartibni tasdiqladi. 26-noyabr kuni qabul qilingan 744-sonli qarorga muvofiq, maxsus nizom orqali mazkur jarayonni standartlashtirish va yagona metodologiya asosida baholash vazifasi belgilab berildi. Yangilangan talablar qishloq xo‘jaligi yerlarini aniq baholash, ulardan oqilona foydalanish va davlat kadastri ma’lumotlarini yanada aniqlashtirishga qaratilgan.

Nizomga ko‘ra, yerning normativ qiymati bir qator muhim ko‘rsatkichlar – yer kadastri ma’lumotlari, tuproqning bonitet balli, ekilgan ekinlar tuzilishi va iqtisodiy samaradorlik mezonlari asosida hisoblanadi. Baholash jarayoni foyda va rentabellikni inobatga olgan daromadli yondashuv orqali amalga oshiriladi. Bu yondashuv yerning iqtisodiy qaytarimi va real qiymatini aniqroq ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Yangi tartibga muvofiq, davlat yer kadastrida barcha yangilangan qiymatlar aks ettiriladi. Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining tasarrufidagi barcha yer maydonlari normativ qiymatni aniqlash ob’ekti sifatida belgilandi. Hisob-kitob ishlarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti amalga oshiradi.

Har bir ishlab chiqaruvchi bo‘yicha ekin maydonlari va baholangan yerlarga oid normativ qiymatni o‘z ichiga olgan maxsus ma’lumotnoma tayyorlanadi. Bu hujjat Soliq qo‘mitasiga «Elektron hukumat» tizimi orqali yuboriladi va keyinchalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchiga yetkaziladi. Hisob-kitob natijalari ming so‘mgacha aniqlikda rasmiylashtirilishi belgilangan.

Mazkur tartib qishloq xo‘jaligi yerlari bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni shaffoflashtirish, kadstr ma’lumotlarini to‘liqlashtirish va yerdan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid