
Qiziqarli statistika: O‘zbekistonda nechta hayvonot bog‘i bor va ularda qancha jonzot saqlanadi?
24.09.2025 | 15:5029712
Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekiston bo‘ylab nechta hayvonot bog‘i borligi va ularda qancha hayvonlar saqlanishi haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda hayvonot bog‘lari soni 7 ta bo‘lib, ularning umumiy maydoni qariyb 50 gektarga teng. Bu maskanlarda minglab turli xildagi jonzotlar saqlanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga hayvonot bog‘larida jami 720 xil turdagi 19 332 ta hayvon mavjud. Hayvonot bog‘laridagi hayvonlar tarkibining asosiy qismi baliqlar va parrandalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, baliqlar soni 9 600 ta, parrandalar 2 383 ta, sut emizuvchilar 611 ta, sudralib yuruvchilar 453 ta, suvda va quruqlikda yashovchilar 63 ta, boshqa turdagi hayvonlar esa 6 222 tani tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkichlar hayvonot bog‘lari faqat hordiq chiqarish joyi emas, balki bioxilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ular mamlakatda hayvonot olamiga oid ilmiy tadqiqotlar uchun ham keng imkoniyat yaratadi.





