add

Qonun ham, moratoriy ham ishlamayapti: davlat korxonalarini ko‘paytirish to‘xtagani yo‘q

26.06.2025 | 15:205115

O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishdagi qonunbuzarlik holatlari tobora ko‘paymoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatidagi hokimiyatlar va qator tashkilotlar tegishli ruxsatsiz yangi davlat yuridik shaxslarini tuzgani aniqlandi.

Qonun ham, moratoriy ham ishlamayapti: davlat korxonalarini ko‘paytirish to‘xtagani yo‘q
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi olib borgan monitoringga ko‘ra, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi» DUK, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, «Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi» DM, «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» DM, «O‘zbekekspertiza» AJ, «Yadro fizika instituti» DM, «Toshkent metropoliteni» DUK va Shayxontohur tuman hokimiyati kabi davlat tashkilotlari oldindan monopoliyaga qarshi organning roziligisiz yangi korxonalar tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Surxondaryoda esa Qiziriq tumani hokimiyati «Qiziriq professional futbol klubi» MCHJni ta’sis etishda xuddi shunday qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan. Raqobat qo‘mitasi mazkur holatlar yuzasidan qonunchilikka asosan ish qo‘zg‘atib, mazkur sub’ektlarga nisbatan qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarni takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar yo‘llagan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni shunday izohlaydi: «Toshkentda va respublika bo‘yicha o‘nlab davlat korxonalari va tashkilotlari qonunga zid ravishda yangi davlat korxonalarini urchitib, tug‘dirib yotipti. Chunki har bir davlat korxonasi bu samarasizlik va zararkunandalik bilan pul o‘zlashtirish, sadoqatli shotirlarni jamlash va nomenklatura zanjiridagi korrupsion mavqeni mustahkamlash, degani. Bu mayli. Davlat rahbari 2 oy avval  davlat korxonalarini tuzishga 5 yillik moratoriy e’lon qilgan. Mazkur moratoriy ham umuman ishlamayapti. Moratoriydan 15 kun o‘tmay, Energiya samaradorligi agentligi huzurida UzESCO MCHJ kompaniyasini tuzish to‘g‘risida qaror qilingan. Davlat banklari esa yangi va yangi shu’balarini ochib yotipti. Bu abadiy jarayonga aylanib qolgan. Bir qo‘l bilan o‘zbek chinovniklari zararkunanda davlat korxonalarini tuzib, pul o‘zlashtiraveradi; ikkinchi qo‘l esa uni suvtekinga yoki sopini o‘zidan chiqarib «xususiylashtirib» beraveradi. O‘zbek chinovnigi o‘zini o‘zi  hech qachon cheklamaydi. Ayniqsa qonunni buzishgayam, moratoriyga amal qilmaganlik uchun ham hech qanaqa jazo yo‘qligida. Hech qursa o‘sha nolegitim tuzilgan davlat korxonasi korxonani tuzgan chinovnik hisobidan majburiy tugatilmaguncha», deb yozadi Bakirov.

Teglar

Mavzuga oid

Qonun ham, moratoriy ham ishlamayapti: davlat korxonalarini ko‘paytirish to‘xtagani yo‘q | Vaqt.uz