add

Qor qoploni Qirg‘iziston milliy ramzi sifatida e’lon qilindi

25.10.2025 | 12:273762

Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qor qoploni mamlakatning milliy ramzi sifatida e’tirof etish va uning rasmiy logotipidan foydalanish tartibini belgilovchi qarorni qabul qildi.

Qor qoploni Qirg‘iziston milliy ramzi sifatida e’lon qilindi

Qirg‘izistonda qor qoploni (qor barsi, ilbirs) davlatning yangi milliy ramzi sifatida e’lon qilinib, uning rasmiy logotipidan foydalanish tartibini belgilovchi qaror qabul qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror mamlakat prezidentning «Qor qoplonini Qirg‘iziston Respublikasining milliy ramzi sifatida e’tirof etish to‘g‘risida»gi farmonini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Hujjat ilovasiga ko‘ra, logotip — yon tomondan tasvirlangan, boshi baland, nigohi oldinga qadalgan va dumini ko‘tarib olgan harakatdagi qor qoploni shaklida ifodalangan. U qat’iyat, oldinga intilish va ichki kuchni ramziy ma’noda bildiradi. Barsning o‘ng oyog‘idan boshlanayotgan qadami esa ezgulik va to‘g‘ri yo‘l ramzi sifatida talqin etiladi.

Qaror bilan logotipdan foydalanish tartibi ham belgilangan: davlat mukofotlari, pul tangalar, banknotalar, yodgorlik medallari, rasmiy bayramlar va tadbirlar, shuningdek suvenir mahsulotlar, nashrlar, me’moriy va dizayn loyihalarida qo‘llashga ruxsat etiladi.

Shu bilan birga, logotipni siyosiy va noqonuniy reklama maqsadida, hamda davlat obro‘yiga zarar yetkazuvchi kontekstda qo‘llash qat’iyan taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, qor qoploni dunyodagi eng go‘zal va noyob yirtqich hayvonlardan biri bo‘lib, asosan Markaziy Osiyo tog‘larida — Himolay, Pomir, Tyan-Shan, Hindikush va Oltoyda yashaydi. Bu tur 12 mamlakatda uchraydi, ular orasida Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor.

Qor qoploni xalqaro Qizil Kitobda «zaif tur» sifatida qayd etilgan. Uning asosiy tahdidlari — brakonerlik, yashash joylarining yo‘qolishi va yovvoyi tuyoqli hayvonlar sonining kamayishidir. Shu sababli u hozirda milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarda qat’iy himoya ostida saqlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid