add

Qoraqalpog‘iston talabalariga qo‘shimcha davlat grantlari ajratiladi

18.08.2025 | 15:0027583

Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish choralari kuchaytirilmoqda va yoshlar uchun oliy ta’limda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston talabalariga qo‘shimcha davlat grantlari ajratiladi
Hujjatga ko‘ra, qoraqalpoq yoshlari uchun oliy o‘quv yurtlarida davlat granti asosida 500 ta, xususiy va xorijiy oliygohlar filiallarida esa 200 ta qo‘shimcha kvota ajratiladi. Ushbu imkoniyatdan foydalangan bitiruvchilar kamida 3 yil davomida respublikada mehnat faoliyatini olib borishi shart qilinadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda kichik va yoshlar sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Ularda majburiyatlarni bajargan tadbirkorlar yer maydonlarini imtiyozli tartibda xususiylashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Nukusda bu yer narxi yer solig‘i stavkasiga teng bo‘lsa, boshqa tuman va shaharlarda 50 foiz stavkani tashkil qiladi. Bir yildan ortiq faoliyat yuritgan va kamida 10 ta doimiy ish o‘rni yaratgan korxonalarga tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilgi daromadining 50 foizigacha teng mablag‘lar bilan sheriklik asosida moliyalashtirish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, Xitoy tajribasi asosida ehtiyojmand oilalar uchun 5 gektar yerda kichik issiqxonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ular 2 yilgacha imtiyozli ijara asosida foydalanishga beriladi. Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma utilizatsion yig‘imning 5 foizi, shuningdek, alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan tushadigan aksiz solig‘ining 70 foizi hisobiga moliyalashtiriladi. Uning vazifasi infratuzilma, ijtimoiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan iborat. Avvalroq Qoraqalpog‘iston rivoji uchun 200 mln dollar jalb etilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid