add

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda suv xarajatlariga subsidiya ajratiladi

15.08.2025 | 09:3515483

Ichimlik suviga muhtoj kambag‘al oilalarga artezian qudug‘i qazish va uskunalar o‘rnatish xarajatlarining asosiy qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda suv xarajatlariga subsidiya ajratiladi
Hukumatning 2025 yil 14 avgustdagi 515-son qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan aholi uchun ichimlik suvi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash tartibi belgilandi. Bu oilalar turar joyida artezian qudug‘i qazish, suv nasosi hamda ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish va o‘rnatish xizmatlariga subsidiya oladi. Subsidiya xarajatlarning 90 foizini, biroq BHMning 30 baravaridan oshmagan qismini qoplaydi. Ushbu ishlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi maxsus reyestrga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi. Subsidiya olish uchun oilaning voyaga yetgan a’zosi yoki qonuniy vakili «Inson» markazlariga yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilib, «YAMIH» tizimida ro‘yxatdan o‘tadi. Ariza elektron tarzda yuboriladi va ishchi guruh qarorini avtomatik tarzda xabar qiladi. Tasdiqdan so‘ng tadbirkor belgilangan muddatda oila yashaydigan manzilga borib, quduq qazish va suv uskunalarini o‘rnatish ishlarini bajaradi. Bu chora suv ta’minotida qiyinchilikka duch kelgan oilalarning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan. Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘istonga suv berishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid