
Qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi
Yuridik shaxslarning ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari tomonidan chiqarilgan obligatsiyalardan olinadigan daromadlar 2030 yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘idan ozod etildi.

25-dekabr kuni qabul qilingan O‘RQ–1104-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjat qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun sharoitlarni yaxshilash va ayrim tarmoqlarda soliq yukini kamaytirishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyati uning shaxsiy qarori, sud qarori yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ qarori asosida tugatilishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yildi. Bu norma tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatish jarayonidagi huquqiy noaniqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, soliq imtiyozlaridan foydalanilgandan so‘ng jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq summasini kamaytiradigan aniqlashtirilgan soliq hisobotlari faqat soliq organlari tomonidan asosliligi o‘rganib chiqilgandan keyin qabul qilinishi belgilab qo‘yildi. Bu tartib soliq ma’muriyatchiligini kuchaytirishga qaratilgan.
2025 yil 1-yanvardan 2028 yil 1-yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal hamda charm-attorlik sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun alohida soliq stavkalari joriy etildi. Ushbu davrda ular foyda solig‘ini 2 foiz, ijtimoiy soliqni esa 1 foiz stavkada to‘laydi.
Moliya bozorida ham imtiyozlar kengaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari hamda ular qoshidagi maxsus vakolatli tashkilotlar tomonidan chiqarilgan obligatsiyalardan olinadigan daromadlar 2030 yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘idan ozod etildi.
Bundan tashqari, kreativ park rezidentlari uchun 2025 yil 1-maydan 2031 yil 1-yanvarga qadar soliq imtiyozlari amal qiladi. Ular xodimlarining ish haqi bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni belgilangan stavkalarga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan miqdorda to‘laydi. Shu bilan birga, daromad hajmidan qat’i nazar, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.





