add

Qosim-Jo‘mart To‘qayev: «Xalqimiz atom qurollari sinovlarining qurboniga aylandi»

29.08.2025 | 23:3038184

1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida yadro sinovlari o‘tkazilgan, bu mahalliy aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev: «Xalqimiz atom qurollari sinovlarining qurboniga aylandi»
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida qozoq xalqining fojiasini eslatib, kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlashga chaqirdi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar berdi. «Bugun Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni. Ushbu unutilmas sana Qozog‘iston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan. Xalqimiz atom quroli sinovlarining eng og‘ir oqibatlari qurboni bo‘ldi. Bu fojia takrorlanmasligi kerak. Kelajak avlodlar uchun biz tinchlikni mustahkamlashimiz, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishimiz, yadroviy qurolsizlanish va yadroviy sinovlardan voz kechish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishimiz kerak. Tinchlik va xavfsizlik – butun insoniyatni birlashtiradigan eng oliy qadriyatdir», - deb yozdi To‘qayev o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida. Eslatib o‘tamiz: o‘tgan yili Konstitutsiyaviy sud raisi Elvira Azimova Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlardan zarar ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoyalash masalasini tartibga solishni tavsiya etgan edi. 2023 yilda Majlis deputati Nurlan Auyesbayev Semipalatinsk poligonidagi yadro sinovlari oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoyalashning muammoli masalalarini ko‘targan edi. O‘z navbatida, Bosh vazir O‘ljas Bektenov 1949 yildan 1990 yilgacha Semipalatinsk yadro sinovlari poligoni hududidagi yuqori radiatsiya xavfi zonasida ishlagan shaxslarning muddatidan oldin pensiyaga chiqishi zarurligi haqidagi deputatlar so‘roviga javob berdi. Deputatlar erkaklarga 55 yoshdan - umumiy ish staji 25 yil bo‘lganda, ayollarga esa 50 yoshdan - umumiy ish staji 20 yil bo‘lganda muddatidan oldin pensiyaga chiqish imkoniyatini ta’minlashni taklif etishdi. 2021 yilda Qozog‘iston Semipalatinsk yadro sinovlari poligoni yopilganining 30 yillik sanasini nishonladi.

Teglar

Mavzuga oid