
Qozog‘iston bilan gaz tranziti bahsi, jahon shaxmat tojiga da’vogar Javohir Sindorov va qamalgan jurnalistlar — 26-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qashqadaryoda ikki jurnalist qamaldi
Qashqadaryo viloyatida ikki jurnalist tovlamachilik va firibgarlik qilgani uchun qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-noyabr kuni Ko‘kdala tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi «Aspekt 24» axborot agentligining 1988 va 2004 yillarda tug‘ilgan muxbirlarini Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan. Birinchi shaxs Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) va 168-moddasi 3-qismi «b» (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik), «v» (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bandlari bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ikkinchi muxbir Jinoyat kodeksining 28, 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga 1 yil-u 4 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, ikkala jurnalist ham bir yil davomida davlat ishtirokidagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etilgan.
Qozog‘iston «O‘ztransgaz»dan gaz tranziti uchun 2 mln dollar talab qilmoqda
Qozog‘istonning «Intergaz Markaziy Osiyo» kompaniyasi «O‘ztransgaz»ga qarshi hakamlik sudiga murojaat qilib, O‘zbekiston gazini Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish bo‘yicha taxminan 2 mln dollarlik to‘lanmagan mablag‘ni talab qilmoqda. Qozog‘iston tomoni hisob-kitoblar texnik o‘lchovlar va mutaxassislar xulosalariga asoslanganini aytmoqda. «O‘ztransgaz» bu ayblovlarni rad etib, tranzit hajmi aniqlanadigan o‘lchov uzeli O‘zbekistonda joylashgani uchun ikki tomon ko‘rsatkichlari o‘rtasida farq borligini bildirgan. Xozirda ish yurituvi to‘xtatilgan va jarayonga mustaqil ekspertlar jalb etilgan.
Gaz tranziti bo‘yicha bahs fon raqamlar bilan murakkablashmoqda: 2025 yilning 10 oyida O‘zbekiston 568,2 mln dollarlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,1 foizga ko‘p. Bir vaqtda mamlakat 2023 yildan beri Rossiya gazini Qozog‘iston orqali teskari yo‘nalishda import qilmoqda — 2024 yilda 5,64 mlrd kub metr, 2025 yilda esa 7,7 mlrd kub metrgacha oshishi kutilmoqda. Tranzit hajmlarining o‘sishi ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi texnik va moliyaviy kelishmovchiliklarni yanada chuqurlashtirayotgani qayd etilmoqda.
Javohir Sindorov Jahon Kubogini qo‘lga kiritdi
Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan FIDE Jahon Kubogi–2025 musobaqasi O‘zbekiston shahmat maktabi uchun yana bir tarixiy natija bilan yakunlandi. Finalda Javohir Sindorov xitoylik raqibi Vey Yiga qarshi hal qiluvchi bahs olib bordi.
Javohir Sindorov (reytingi 2721, 25-o‘rin) va Vey Yi (reytingi 2752, 11-o‘rin) olgan o‘rtasidagi ikki partiya ham 1:1 hisobidagi muvozanat bilan tugadi. Bu esa g‘olibni aniqlashni tay-breyk bosqichiga qoldirdi.
Tezkor shaxmatda Sindorovning ustunligi yaqqol ko‘zga tashlandi. U raqibining xatolarini o‘z vaqtida baholab, muhim pozitsiyalarda tashabbusni qo‘lga oldi va tay-breyk seriyasini ishonchli tarzda o‘z foydasiga hal qildi. Shu tariqa, yosh o‘zbek grossmeysteri ilk bor Jahon Kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. G‘olibga 120 ming dollar mukofot puli beriladi. Eng muhimi, Javohir endi jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026-yilgi turnirda ishtirok etadi.
Shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalari qayta ko‘rib chiqiladi
Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, ahamiyatini yo‘qotgan yoki takrorlanadigan 800 ga yaqin qonunchilik hujjati «tartibga solish gilotinasi» orqali bekor qilinadi. Farmon doirasida majburiy talablarni kamaytirish, jarayonlarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun hisobot yukini yengillitirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Xususan, «E-aktiv»da moliyaviy operatsiyalarni belgilash majburiyati bekor qilinadi, ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi ikki baravarga arzonlashadi.
Qaror shaxsiy ehtiyoj uchun respublikaga bojsiz olib kiriladigan tovarlar qiymati bo‘yicha amaldagi normalarni yangidan belgilashni nazarda tutadi. Hozirdagi tartibga ko‘ra, havo transportida 1000 dollar, temiryo‘l va daryo yo‘lida 500 dollar, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida esa 300 dollarlik tovarni bojsiz olib kirish mumkin. Shuningdek, o‘zidan kelib chiqmagan sabablarga ko‘ra yer uchastkasi huquqini ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.
Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 50 ming dollargacha xarajat talab qiladi — O‘zgidromet
O‘zgidromet Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish bo‘yicha bildirilgan tashabbusni ko‘rib chiqar ekan, bu jarayon ma’lum tabiiy va texnik shartlar talab qilishini ma’lum qildi. Havodagi ifloslanish 150–200 mkg/m³ darajasigacha chiqib, «sog‘liqqa xavfli» holatga yetib borgani ta’kidlandi. Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi Xitoy, BAA va AQSHda samarali qo‘llanilayotgani aytildi, ammo bulutlar mavjudligi, harorat va namlik mos kelgandagina amalga oshirilishi mumkin. Bunday sharoitlar Toshkentda asosan bahor va kuzda kuzatiladi. Yomg‘irdan keyin iflos moddalar 20–40 foizga kamayishi mumkinligi, bunga misol sifatida 2025 yil 4-noyabrdagi yomg‘irdan keyingi keskin pasayish keltirildi.
Shu bilan birga, texnologiya juda qimmat: bir marta sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 25–50 ming dollarga tushishi, 1990-yillarda bayramlar paytida yomg‘irsiz ob-havo uchun 1 mln dollar sarflangani qayd etildi. O‘zgidromet rahbariyati texnologiyaning afzalliklari sifatida havo tozalanishi va salomatlikka ijobiy ta’sirni ko‘rsatgan bo‘lsa, xavflar sifatida natijaning vaqtinchaligi, yomg‘irning notekis tushishi va kimyoviy moddalarning tuproqqa ta’sirini sanab o‘tdi. Shu bois, loyihani pilot tarzda sinash, texnik-iqtisodiy asoslash va xalqaro hamkorlikka tayanish taklif qilindi. Loyiha 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan havo sifatini yaxshilash dasturi doirasida ko‘rib chiqilishi mumkin.





