add

Qozog‘iston burqa kiyganlarni jazolamoqchi

03.12.2025 | 20:582151 daqiqa

Ushbu qaror diniy e’tiqodlarni cheklash uchun emas, balki jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlangan.

Qozog‘iston burqa kiyganlarni jazolamoqchi

Qozog‘istonda yuzni yopib, uni tanib olishga to‘sqinlik qiladigan (niqob) kiyim kiyganlik uchun javobgarlik joriy etilmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Majlisi davlat rahbarining topshirig‘i asosida tayyorlangan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi yagona qonunni ikkinchi o‘qishda qabul qilgan.

Qonunga muvofiq, jamoat joylarida yuzni to‘sadigan yoki shaxsni tanib olishni qiyinlashtiradigan kiyimlar, jumladan niqoblardan foydalanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Birinchi marta qoida buzilsa, fuqaro ogohlantiriladi. Takroran sodir etilgan hollarda esa eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida — 2025 yil hisobida 39 ming tenge (80 dollarga yaqin)dan ortiq jarima qo‘llaniladi.

Ma’lumot uchun, bu kabi cheklovlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham amalga tatbiq etilgan. Qirg‘izistonda 2025 yil yanvarda shunday qonun qabul qilingan bo‘lib, u “shahsni aniqlash imkonini bermaydigan” kiyimlarni taqiqlaydi. Tojikistonda 2024 yil iyunda milliy «madaniyatga xilof» deb hisoblangan kiyimlarni sotish va kiyish taqiqlangan. O‘zbekiston esa bunday taqiqni 2023 yildayoq joriy etgan edi.

Teglar

Mavzuga oid