Logo

Qozog‘iston davlat qarzi ma’lum qilindi

Bugun 17:262 daqiqa

Qozog‘istonda davlat qarzi o‘tgan yilga nisbatan 4,8 trln tengega oshdi. Moliya vazirligi bu ko‘rsatkich iqtisodiyot uchun xavf tug‘dirmasligi va nazorat ostida ekanini ta’kidladi.

Qozog‘iston davlat qarzi ma’lum qilindi

Qozog‘iston Majilisining plenar yig‘ilishida mamlakat davlat qarzining o‘sishi muhokama qilindi. Deputat Yerlan Stambekov hukumat aholining qarz yukini kamaytirish siyosati yuritayotgan bir paytda davlatning o‘zi qarzdorlikni oshirayotganiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda hukumat qarzi o‘tgan yilga nisbatan 4,8 trln tengega ko‘paygan. Deputat jalb qilingan mablag‘larning katta qismi iqtisodiy rivojlanish loyihalariga emas, balki mavjud qarzlarni qayta moliyalashtirish va joriy xarajatlarni qoplashga sarflanayotganini ta’kidladi.

«Agar biz fuqarolardan moliyaviy intizom talab qilayotgan bo‘lsak, unda bunday intizom, avvalo, davlatning o‘zida ta’minlanishi kerak», — dedi Stambekov.

Qarz xavfsiz darajada

Moliya vaziri Madi Takiyev davlat ham moliyaviy intizomga amal qilishi kerakligi haqidagi fikrga qo‘shildi. Biroq u davlat qarzi hajmi va uni xizmat ko‘rsatish xarajatlarini alohida baholash zarurligini aytdi.

Vazir ma’lum qilishicha, 2026 yil 1-yanvar holatiga davlat qarzi 36,4 trln tengeni yoki yalpi ichki mahsulotning 22,8 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat uchun belgilangan 32 foizlik cheklovdan ancha past hisoblanadi.

«Davlat qarzi boshqariladigan darajada. Hozircha hech qanday salbiy oqibatlarni ko‘rmayapmiz», — dedi Takiyev.

Yangi qarzlar siyosati

Vazirning ta’kidlashicha, yangi qarzlar hisobidan eski majburiyatlarni qoplash xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Qozog‘iston so‘nggi yillarda xalqaro kapital bozorlariga chiqib, qarzlarini nisbatan past foiz stavkalarida qayta moliyalashtirib kelmoqda.
Shuningdek, mamlakat yaqinda Xitoy moliya bozorida ilk bor «panda-bondlar» chiqarib, 500 million dollar mablag‘ni yillik 1,9 foiz stavkada jalb qildi. Vazir bu juda past stavka ekanini va u kvazidavlat sektor uchun muhim oriyentir yaratganini qayd etdi.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda davlat qarzi taxminan 36,8 trln tengeni yoki YAIMning qariyb 20 foizini tashkil etadi. Vazirlik ushbu daraja iqtisodiyot uchun nazorat qilinadigan va xavfsiz hisoblanishini bildirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘iston davlat qarzi ma’lum qilindi | Vaqt.uz