Qozog‘iston O‘zbekiston bilan davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi
Hujjat ikki davlat o‘rtasidagi chegaraviy munosabatlarning yagona huquqiy asosini mustahkamlaydi.

Qozog‘iston Respublikasi Senati «Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi qozoq-o‘zbek davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda «Kazinform» agentligi xabar qildi.
Mazkur bitim 2001 yil 16-noyabrda imzolangan Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, hujjat 2022 yil 22-dekabrda davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni yakunlanib, tegishli shartnoma imzolanganidan keyin tayyorlangan.
Hamkorlik mustahkamlanadi
Qozog‘iston Senatining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bitim 2024 yil 8-avgust kuni Ostona shahrida imzolangan.
Hujjat ikki mamlakat o‘rtasida davlat chegarasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona xalqaro-huquqiy asosni shakllantiradi.
Hujjat davlat chegarasi va chegara belgilarini saqlash, chegara orqali fuqarolar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkni o‘tkazish, parvozlarni amalga oshirish, chegara hududida xo‘jalik va boshqa ishlarni olib borish tartibini, shuningdek, chegaradagi ko‘ngilsizliklarning oldini olish va ularni hal etish mexanizmlarini belgilab beradi.





