
Qozog‘iston va Qirg‘izistonda Ramazon oyi boshlanishining taxminiy kuni e’lon qilindi
2026 yilda muqaddas Ramazon oyi fevral oyining so‘nggi dekadasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Qozog‘iston va Qirg‘iziston diniy idoralari allaqachon taxminiy sanalarni e’lon qildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida 2026 yil uchun Ramazon oyi boshlanishining dastlabki sanalari diniy idoralar tomonidan e’lon qilindi. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda muqaddas oyning kirish vaqti bo‘yicha taxminiy hisob-kitoblar taqdim etildi.
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi 2026 yil uchun diniy bayramlar taqvimini tasdiqladi. Unga ko‘ra, muqaddas Ramazon oyining birinchi kuni 19-fevralga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shuningdek, Qadr kechasi 16–17-mart kunlariga to‘g‘ri kelishi, Ramazon hayiti esa 20-mart kuni nishonlanishi aytilgan.
Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi ham 2026 yilgi Ramazon oyi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, Ramazon oyi 18-fevralda boshlanishi taxmin qilinmoqda.
Qozog‘iston va Qirg‘izistonda e’lon qilingan sanalar hozircha taxminiy hisoblanadi. Chunki Ramazon oyining aniq boshlanish sanasi oy taqvimiga bog‘liq bo‘lib, yakuniy qaror yangi oy ko‘rilgandan so‘ng qabul qilinadi.
O‘zbekistonda mas’ul diniy idoralar hozircha 2026 yilgi Ramazon oyi bo‘yicha rasmiy yoki taxminiy sanalarni e’lon qilmagan. An’anaga ko‘ra, mamlakatda ham oy ko‘rilishi natijalariga asoslangan holda qaror qabul qilinadi.





