add

Qozog‘istonda 16 mlndan ziyod fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketdi

17.06.2025 | 13:4727223

Qozog‘istonda 16,3 million foydalanuvchi haqidagi shaxsiy ma’lumotlardan iborat yirik CSV-fayl tarqaldi. Unda STIR, tug‘ilgan sana, manzil va aloqa raqamlarigacha bo‘lgan ma’lumotlar mavjud. Mutaxassislar buni fishing, hujjat soxtalash va kiberfiribgarlik uchun xavfli manba, deya baholamoqda.

Qozog‘istonda 16 mlndan ziyod fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketdi
Securixy Telegram kanalining yozishicha, 2024 yil 13 iyun kuni tuzilgan 799 MB hajmdagi arxiv foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarini qamrab olgan. Arxiv ichida 7,03 GB hajmdagi CSV-fayl siqib joylashtirilgan bo‘lib, unda jami 16 mln 302 ming 107 ta yozuv mavjud. Bu ma’lumotlardan 15,8 milliondan ortig‘i unikal STIRga ega ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, 16,9 millionga yaqin telefon raqamlari ham ko‘rsatilgan. Faylda foydalanuvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, jinsi, tug‘ilgan sanasi, IIN, mobil, xonadon va ish telefoni raqamlari, fuqaroligi, millatidan tortib, yashash manzili, biror manzilda yashay boshlaganidan tortib, propiskadan chiqqan sanasigacha bo‘lgan ma’lumotlar keltirilgan. Mutaxassislar ayrim manzillar stomatologiyalar, klinikalar, soliq tashkilotlari va universitetlarga tegishli ekanini qayd etgan. Bu ma’lumotlar ehtimol, ochiq APIlar orqali yoki noto‘g‘ri sozlangan xizmatlardan ommaviy to‘plangan. Shuningdek, integratsiya tizimlaridan tushgan xatolik natijasida kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Ekspertlar fikriga ko‘ra, bu ma’lumotlar kiberhujumlar, ijtimoiy muhandislik, hujjat soxtalashtirish va telefon firibgarliklari uchun katta xavf tug‘diradi. Fuqarolarga agar shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanganiga shubha qilsa, eGov, mobil banklar va soliq organlarida o‘z faoliyatini tekshirish tavsiya etildi.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘istonda 16 mlndan ziyod fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketdi | Vaqt.uz