
Qozog‘istonda 50 ming dollardan ortiq valyuta operatsiyalari soliq nazoratiga olinadi
13.10.2025 | 14:159803
Bu tartib yirik moliyaviy bitimlarni shaffoflashtirish va noqonuniy kapital chiqarilishini oldini olishni ko‘zlab qilingani aytilmoqda.

Qozog‘iston Moliya vazirligi ishlab chiqqan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, 50 ming dollardan ortiq valyuta operatsiyalari soliq nazoratiga olinadi. Loyiha «Ochiq NQA» (normativ huquqiy aktlar) portalida joylashtirilgan va muhokama 2025 yil 28 oktyabrgacha davom etadi.
Hujjat Milliy bankni davlat daromadlari organlari bilan valyuta operatsiyalari bo‘yicha ma’lumot almashishga majbur etadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, nazorat nafaqat tovar aylanmasiga bog‘liq operatsiyalarga, balki bestovar bitimlar, norezidentlar daromadlari va «Astana» xalqaro moliya markazi ishtirokchilari faoliyatiga ham tatbiq etiladi.
Biroq hujjatda qaysi ma’lumotlar soliq organlariga taqdim etilishi yoki operatsiya taraflari haqidagi ma’lumotlar kiritilashi aniq ko‘rsatilmagan. Hozircha faqat loyiha qisqartirilgan jadval shaklida e’lon qilingan.
Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus orqali davlat organlari valyuta operatsiyalarini nazorat qilishda tezkor ma’lumotga ega bo‘ladi, kapital chiqarish holatlarini aniqlash samaradorligi oshadi va soxta bitimlar xavfi kamayadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Qozog‘iston Milliy banki 7 oylik tanaffusdan so‘ng asosiy stavkani 1,5 foizga oshirib, 18 foiz darajasiga yetkazgan edi. Bu qaror inflyatsiya bosimi ortishi bilan izohlangan.





