
Qozog‘istonda AES qurilishiga qarshi chiqqanlar jazolandi
26.08.2025 | 21:0036763
Besh nafar faolga to‘rt yildan ozodlikni cheklash jazosi belgilandi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida sud birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga qarshi chiqqan besh nafar faolni ommaviy tartibsizliklarga undaganlikda aybdor deb topdi va ularga to‘rt yildan ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukm shaharning Olmaota tuman sudi tomonidan chiqarilgan.
«Nurlan Jaulibayev, Janat Qozoqboy, Faziljon Sizdiqov, Nurlan Temirgaliyev va Aydar Muborakovni Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 272-moddasi 3-qismi bo‘yicha (hokimiyat organlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka va ommaviy tartibsizliklarga undash - tahr.) aybdor deb topish va ularning har biriga to‘rt yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin», - degan sudya Yernar Qosimbekov.
Shuningdek, sud ularga besh yil mobaynida jamoat faoliyati bilan shug‘ullanish va siyosiy partiyalar tuzishni man etgan.
Qayd etilishicha, AES qurilishiga qarshi chiqayotgan faollar o‘tgan yilning sentyabr oyi oxirida hibsga olingan. Sudda davlat ayblovchisi ularning har birini besh yildan ozodlikdan mahrum qilishni talab qilgan, ish bo‘yicha ayblanuvchilar esa oqlov hukmini talab qilishda davom etishgan. Mazkur modda bo‘yicha belgilangan jazo — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilishdan iborat.





