Qozog‘istonda nikohlar mustaqillikdan beri eng past darajada. O‘zbekistonda vaziyat qanday?

18.02.2026 | 15:453 daqiqa

2025 yilda Qozog‘istonda umumiy nikoh koeffitsiyenti Mustaqillik tarixidagi eng past daraja — 5,62 ga tushdi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 0,51 punktga kamaygan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda nikohlar kamayib, ajralishlar ko‘paymoqda.

Qozog‘istonda nikohlar mustaqillikdan beri eng past darajada. O‘zbekistonda vaziyat qanday?

2025 yilda Qozog‘istonda umumiy nikoh koeffitsiyenti oxirgi 35 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi. O‘tgan yilda jami 114,5 ming nikoh tuzilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 7 foizga kam. Bu haqda Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi huzuridagi Milliy statistika byurosi e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarida keltirilgan.

Nikohlarning kamayishi

Qozog‘istonda nikoh koeffitsiyenti 2025 yilda har ming aholiga 5,62 promilleni tashkil etdi. 1991 yildan buyon mamlakatda nikoh koeffitsiyenti uch bosqichli tendensiyani boshdan kechirgan: avval pasaygan, so‘ng o‘sgan va yana pasaygan. 

Har safar pasayish boshlanishidan oldin ko‘rsatkich eng yuqori cho‘qqiga yetgan. Birinchi cho‘qqi 1991 yilga to‘g‘ri kelib, 10,1 ni tashkil etgan. Ikkinchisi esa 2013 yilda qayd etilgan — 9,89. So‘nggi 12 yil ichida davom etayotgan salbiy trend natijasida koeffitsiyent jami 4,27 punktga kamaygan. 

Ma’lumot uchun: umumiy nikoh koeffitsenti bir yil davomida tuzilgan nikohlar sonining aholining o‘rtacha yillik soniga nisbati orqali hisoblanadi. Shu bois uning dinamikasi har ikki ko‘rsatkichdagi o‘zgarishlarga bog‘liq. 

Kamayish sabablari

Qozog‘istonda 2014 yildan beri nikohlar soni kamayib bormoqda, aholi soni esa barqaror o‘sishda davom etmoqda. Qozog‘istonlik mutaxassislarning ta’kidlashicha, umumiy nikoh koeffitsiyentining pasayishi qozog‘istonliklar kamroq nikoh qurayotganini anglatmaydi. 

Bu koeffitsiyent har doim ham haqiqiy manzarani bermaydi, chunki u nikoh yoshidagi aholining dinamikasini hisobga olmagan. 

Shu bilan birga, bu ko‘rsatkichga ta’sir qiluvchi nikohlarning kamayishi, o‘z navbatida, nikoh yoshidagi aholining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Qozog‘istonda odatda nikohlarning 85 foizdan ortig‘i 18–39 yoshdagilar orasida tuziladi. Aynan shu yosh guruhidagi aholi sonining qisqarishi nikoh koeffitsiyenti pasayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. 

2014 yildan beri nikoh yoshidagi aholi soni doim ham kamayib ketmagan. Aksincha, 2023 va 2024 yillarda bo‘lajak kuyov va kelinlar soni o‘sgan. 

Shunga qaramasdan, aholi soni o‘sishi nikohlar sonini oshirish uchun yetarli bo‘lmagan. Ya’ni nikoh yoshidagi odamlar ko‘paygan bo‘lsa-da, rasmiy nikohlar soni sezilarli darajada o‘smagan.

Buning bir ehtimoliy sababi — odamlarning kechroq turmush qurishi bo‘lishi mumkin. Masalan, 2014 yilda Qozog‘istonda nikohga kirayotgan o‘rtacha yosh 27,1 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 27,9 yoshga chiqqan. 

O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekistonda 2025 yilda 267,1 ming nikoh qayd etilgan bo‘lib, har ming aholiga nikoh koeffitsiyenti 7,1 promilleni tashkil etdi. Bu ko‘rsatgich Qozog‘istondagi nikoh koeffitsiyentidan baland bo‘lishiga qaramay, mamlakatda umumiy vaziyat  barqaror emas. Chunki, O‘zbekistonda nikohlar soni qatorasiga to‘rtinchi yil kamaymoqda. 

2025 yildagi nikoh nikohlar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 4,7 ming birlikka kamaygan. Shuningdek, 2023 yilga nisbatan – 16,7 ming birlikka, 2022 yilga nisbatan – 29,6 ming birlikka, 2021 yilga nisbatan esa 38,1 ming birlikka kamaygan.

1

Shu bilan birga, O‘zbekistonda nikohlar soni kamayishi fonida ajralishlar soni ortmoqda. Statqo‘m ma’lumotiga ko‘ra, nikohdan ajralishlar soni o‘tgan yili 46,9 ming birlikni (har ming aholiga 1,2 promille) tashkil etgan. 

2024 yilda ajralishlar soni ushbu ko‘rsatkichdan 1,8 ming birlikka kam bo‘lgan. Umuman olganda, ajrimlar soni ham oxirgi to‘rt yilda o‘sgan. 

Bundan tashqari, qishloq joylardagi nikohlar soni shahar joydagi nikohlar sonidan yuqori, ajralishlar esa shahar joylariga nisbatan kam. 

2

Ma’lumot uchun: 2024 yilda birinchi marta nikohlanayotgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 26,2 yoshni, ayollarning o‘rtacha yoshi esa 21,8 yoshni tashkil etgan

So‘nggi 25 yillik ko‘rsatgichlarga qarasak, O‘zbekistonda nikohlanayotgan erkaklarning o‘rtacha yoshi oshganini ko‘rish mumkin. Ayollarda esa deyarli o‘zgarish kuzatilmagan.

Erkaklar bo‘yicha dinamika:

– 2000 yil – 24,2 yosh;

– 2005 yil – 25 yosh;

– 2010 yil – 25,6 yosh;

– 2015 yil – 25,9 yosh;

– 2020 yil – 26,4 yosh;

– 2024 yil – 26,2 yosh.

Ayollar bo‘yicha dinamika:

– 2000 yil – 21,4 yosh;

– 2005 yil – 22,2 yosh;

– 2010 yil – 22,4 yosh;

– 2015 yil – 22,5 yosh;

– 2020 yil – 22,3 yosh;

– 2024 yil – 21,8 yosh.

Bu ma’lumotlar faqat birinchi nikohlar asosida shakllantirilgan bo‘lib, takroriy nikohlar statistikaga kiritilmagan.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 882

Barchasi

Mavzuga oid

Qozog‘istonda nikohlar mustaqillikdan beri eng past darajada. O‘zbekistonda vaziyat qanday? | Vaqt.uz