
Qozog‘istonda noma’lum dron portladi
G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida noma’lum dron portladi. Hodisa aholi yashaydigan hududdan tashqarida sodir bo‘lgani, jabrlanuvchilar yo‘qligi ma’lum qilindi.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumot berishicha, portlash G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining Burli tumanida qayd etilgan. Dronning qaysi davlatga tegishli ekani hozircha aniqlanmagan. Ammo qurilmaning ayrim qismlarida ukrain tilidagi yozuvlar topilgani sababli, u Ukrainaga mansub bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash aholi yashaydigan hududdan tashqarida ro‘y bergan. Natijada hech kim jabr ko‘rmagan va moddiy zarar qayd etilmagan. Hozirda hodisa yuzasidan maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, mamlakat havo hududi ustidan nazorat kuchaytirilgan. Davlat chegarasini ruxsatsiz kesib o‘tishning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilgan. Shuningdek, mazkur qurilmalar kimga tegishli bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.
Tekshiruvlar natijasida dron katta quvvatga ega bo‘lgan jangovor zaryadni olib yurgani aniqlangan. Hozir hodisa joyida tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar departamenti va politsiya vakillari faoliyat yuritmoqda.
Qozog‘iston hududida bunday holatlar bir necha bor qayd etilgan. Fevral oyida Bo‘keyorda tumanida, martda esa Jonibek tumanida shunga o‘xshash dron qoldiqlari topilgan. Ayrimlari Rossiyada ishlab chiqarilgan «Shahed» turiga o‘xshash deb baholangan.
Bu holatlar mamlakat xavo xavfsizligi masalasini yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Hukumat tomonidan havo hududini muhofaza qilish choralari kuchaytirilishi kutilmoqda.




